Logo

“London Post”: O‘zbekiston va Chexiya sherikligi — tizimli muloqot va texnologik integratsiyaning yangi bosqichi

Aprel 29, 2026. 13:55 • 2 daq

173
“London Post”: O‘zbekiston va Chexiya sherikligi — tizimli muloqot va texnologik integratsiyaning yangi bosqichi

LONDON, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “London Post”nashrida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi munosabatlarning so‘nggi o‘ttiz yil ichida bosib o‘tgan yo‘li va bugungi strategik ahamiyati tahlil qilingan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, Toshkent va Praga o‘rtasidagi aloqalar oddiy protokol uchrashuvlaridan tizimli hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, 2023-yil munosabatlarda sifat jihatidan yangi burilish yasadi. Ikki mamlakat hukumat rahbarlarining o‘zaro tashriflari yakunida imzolangan “Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida”gi qo‘shma deklaratsiya sheriklikning kelgusi yillar uchun strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Nashrning yozishicha, siyosiy iroda iqtisodiy sohada ham o‘z mevasini bermoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokidagi 40 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Jumladan, “Škoda Group” kompaniyasining yurtimizda temir yo‘l harakatlanuvchi tarkibini mahalliylashtirish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish hamda “Škoda Academy”negizida mutaxassislar tayyorlash borasidagi tashabbuslari yuqori baholangan.

Muallif Chexiyaning iqtisodiy murakkablik indeksi bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinda ekaniga eʼtibor qaratib, bu O‘zbekiston sanoatini modernizatsiya qilishda katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan. Energetika, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik ikki davlat iqtisodiyoti uchun birdek manfaatlidir.

Madaniy-gumanitar sohada ham salmoqli natijalarga erishildi. Termiz davlat universiteti va Karlov universitetining 20 yillik qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi, shuningdek, Chexiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar sonining so‘nggi 5 yilda ikki baravar ko‘paygani (700 nafarga yaqin) xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikning belgisidir. Har hafta amalga oshirilayotgan Toshkent–Karlovi Vari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari esa turistik va ishbilarmonlik aloqalarini yana-da qulaylashtirmoqda.

“London Post” nashrining xulosa qilishicha, O‘zbekistonning Pragada o‘z elchixonasini ochish rejasi ikki tomonlama aloqalarni tezkorlik bilan muvofiqlashtirish va qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi. Chexiya O‘zbekiston uchun Yevropa tizimidagi eng ishonchli va strategik texnologik hamkorlardan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish