“London Post”: Ostona sammiti Markaziy Osiyoning global ekologik masalalardagi o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatdi
Aprel 28, 2026. 10:30 • 2 daq
• 184
LONDON, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “London Post” axborot portalida “Markaziy Osiyo yangi ekologik bosqich bo‘sag‘asida” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, 22-aprel kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim ahamiyat kasb etgan. Bu tadbir mamlakatlarda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yerlarning degradatsiyasi kabi umumiy muammolarga birgalikda yechim izlashga imkon yaratgan. Yaʼni, mintaqa yangi hamkorlikka asoslangan ekologik siyosat bosqichini muhokama qilgan.
Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar chegara bilmaydi. Orol dengizi fojiasi, transchegaraviy suvlardan samarasiz foydalanish, cho‘llanish va havo ifloslanishi butun mintaqaga taʼsir qilmoqda.
Ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi noto‘g‘ri boshqaruv ekologik va iqtisodiy muammolarni kuchaytirgan. Ostona sammitida bu muammolarni tan olishdan, amaliy yechimlarga o‘tish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi.
Maqola muallifining taʼkidlashicha, O‘zbekiston uchun bu sammit o‘z ekologik siyosatini namoyish qilish imkonini berdi. Mamlakatda “Yashil makon”, “Toza havo”, “Bio meros”, “Chiqindisiz hudud” va “Eko madaniyat” kabi dasturlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Orolbo‘yini tiklash bo‘yicha ishlar O‘zbekistonni mintaqada muhim hamkorga aylantirmoqda va xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilmoqda.
“London Post” maʼlumotiga ko‘ra, Ostona sammiti Markaziy Osiyoning global ekologik masalalardagi o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatdi. Bu tadbir umumiy strategiyani shakllantirish, tabiiy resurslarni saqlash va barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston uchun esa bu nafaqat erishilgan natijalarni ko‘rsatish, balki xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun muhim imkoniyatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi