Saudiya matbuoti: O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniy merosini tiklashda muhim o‘rin tutmoqda

Iyul 18, 2026. 10:30 • 2 daq

143
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniy merosini tiklashda muhim o‘rin tutmoqda
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniy merosini tiklashda muhim o‘rin tutmoqda
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniy merosini tiklashda muhim o‘rin tutmoqda

AR-RIYOZ, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi va unda ilgari surilgan tashabbuslarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “Al-Watan” gazetasida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi shunchaki anʼanaviy ilmiy uchrashuv emas, balki islom madaniyatining tiklanishiga xizmat qiluvchi keng ko‘lamli tarixiy loyiha sifatida keng yoritilgan. Materialda O‘zbekiston islom olamining eng muhim tarixiy beshiklaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

“UNA” axborot agentligi O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy yo‘nalishda ilgari surilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Xususan, mamlakatda boy maʼnaviy-madaniy merosni qayta tiklash va o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etilgan. Forum doirasida Samarqandda qabul qilingan deklaratsiya va uning asosida taklif etilgan yangi ilmiy tashabbuslar hadisshunoslik va islom g‘oyalarini asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlangan.

Saudiya OAVda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham ko‘plab maʼlumotlar keltirilgan. Ushbu markaz mamlakatning islom madaniyati, ilm-fani va maʼnaviy merosini o‘rganish, saqlash hamda keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy-maʼrifiy muassasa ekani qayd etilgan.

Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar, qadimiy Qurʼon nusxalari, arxeologik topilmalar, tarixiy hujjatlar, sanʼat asarlari hamda interaktiv multimedia namoyishlari o‘rin olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish