Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasining yangi rahbari saylanadi
Avgust 05, 2026. 11:00 • 2 daq
• 1
TOSHKENT, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. 26–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ovoz berish jarayoni dunyoning 200 ga yaqin milliy shaxmat federatsiyalari vakillarini jamlaydigan tashkilot Bosh assambleyasi doirasida o‘tkaziladi.
Ushbu saylov navbatdagi FIDE Kongressining asosiy voqealaridan biri bo‘lib, 15–27-sentyabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tadi. Qadimiy shahar ikki hafta davomida minglab sportchilar, rasmiy shaxslar va milliy federatsiyalar vakillarini birlashtirib, jahon shaxmat poytaxtiga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yildan beri federatsiyaga rahbarlik qilib kelayotgan va 2022 yilda qayta saylangan FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich joriy yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng o‘z vakolatlarini bajarishni vaqtincha to‘xtatgan edi. Prezident vazifasini bajarish FIDE rahbari o‘rinbosari, besh karra jahon chempioni, taniqli hindistonlik shaxmatchi Vishvanatan Anand zimmasiga yuklatildi.
Ayni vaqtda saylovda ishtirok etish uchun uch nafar nomzod ro‘yxatga olingan. Prezidentlik lavozimi uchun Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov (vitse-prezidentlikka nomzod – Vishvanatan Anand), germaniyalik tadbirkor Yan Xenrik Byuttner (britaniyalik shaxmat arbobi Malkolm Peyn) va Germaniyaning “WR Chess” shaxmat jamoasi asoschisi Vadim Rozenshteyn (singapurlik tadbirkor Gordon Tan) kurash olib boradi.
FIDE nizomiga ko‘ra, prezidentni milliy shaxmat federatsiyalaridan tashkil topgan Bosh assambleya saylaydi. Har bir federatsiya mamlakat aholisi soni yoki shaxmatning rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, bitta ovozga ega bo‘ladi. Ovoz berish yashirin tarzda o‘tkaziladi va eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod g‘olib deb topiladi.
FIDE prezidenti saylovining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda Samarqandda o‘tkazilishi 2026-yilgi jahon shaxmat hamjamiyati taqvimidagi eng muhim voqealardan biriga aylanadi. Ikki kun davomida 200 nafarga yaqin milliy federatsiya vakillari xalqaro shaxmat harakatining kelgusi taraqqiyoti o‘ziga bog‘liq bo‘lgan tashkilot rahbariyatini aniqlab oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi