8–10-sentyabr kunlari Toshkentda 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari – “CAITME 2026” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

Avgust 05, 2026. 12:00 • 3 daq

66
8–10-sentyabr kunlari Toshkentda 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari – “CAITME 2026” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. 8–10-sentyabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” MVKda 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari – “CAITME 2026” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“CAITME 2026” va “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” innovatsiyalar, hamkorlik va shartnomalar o‘sishiga turtki beradi

17-Markaziy Osiyo Xalqaro “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2026” ko‘rgazmasi 8–10-sentyabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” MKKda bo‘lib o‘tadi. “Global Textile Days” haftaligi doirasidagi ko‘rgazma majmuaning barcha pavilyonlarida o‘tkaziladi.

“CAITME 2026” Markaziy Osiyodagi to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati uchun muhim voqea bo‘lib, mustaqil audit natijalariga ko‘ra, MDH mamlakatlaridagi bunday formatdagi eng yirik ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma hisoblanadi.

Ko‘rgazma mintaqaning to‘qimachilik va tikuvchilik sohasini jihozlash va modernizatsiya qilishda muhim o‘rin tutadi, ishlab chiqaruvchilarga samaradorlikni oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Joriy yilda ko‘rgazmada 17 mamlakatdan 250 ta kompaniya va brend ishtirok etadi. Germaniya milliy pavilyon bilan ishtirok etadi, shuningdek, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa yetakchi to‘qimachilik davlatlaridan kompaniyalar ham qatnashadi.

O‘tgan yillardagidek ko‘rgazmada to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqarish sohasidagi taniqli jahon yetakchilari va Yevropa hamda Osiyodan ilg‘or texnologiyalar yetkazib beruvchilar ishtirok etadi.

Jumladan, Rieter, Uster, Novibra, SSM, Spindelfabrik Sussen, Toyota, Muratec, Truetzschler, Saurer, Picanol, Santoni, Terrot, Habasit, MHMS, Vandewiele NV, Karl Mayer, Staubli, IRO, Biancalani, Ferraro, Epson, Zimmer Austria, Mario Crosta, Itema, Lafer, Motex Di Modiano Guido, Salvade‘, Simet, Dettin, Sclavos, Effe, Mahlo, Lonati, Shima Seiki, Andritz Küsters, Brückner, Carl Schmale, Sossna, Texpa, Thies, Groz-Beckert KG, Kaeser Kompressoren, Schott & Meissner, Textima, Tetas, Temsan, Lakshmi Machine Works, Lakshmi Card Clothing, Precitex, Kansai, Brazzoli, Eliar, Guven Celik, West Global, CTMTC, Hengyi, Leadsfon, Rifa, Yingyang, Baoyu, Dyestar, NF Kimya, Eksoy, Deniz Kimya va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashadi.

“CAITME 2026” tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ixtisoslashgan tematik bo‘limlarga bo‘linadi. Ular paxta tozalash va yigirish texnologiyalari, to‘qimachilik mahsulotlarini bo‘yash va pardozlash uskunalari, to‘quv va trikotaj uskunalari va aksessuarlari, kiyim-kechak ishlab chiqarish uskunalari, to‘qimachilik kimyoviy moddalari va bo‘yoqlarini qamrab oladi.

Ko‘rgazma yana bir bor mintaqadagi soha mutaxassislari uchun to‘qimachilik va tikuv-trikotaj uskunalari bo‘yicha dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining so‘nggi texnologik yangiliklarini amalda ko‘rish, “birinchi qo‘ldan” maslahat va texnik yordam olish, ekspertlar esa sohaning muammolari va yana-da barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratadi.

Ko‘rgazma ishtirokchilari o‘z stendlarida mintaqa ishlab chiqaruvchilariga raqobatbardoshlikni saqlab qolish, yana-da harakatchan, energiya tejamkor va moliyaviy barqaror bo‘lishga yordam beradigan mahsulotlarni taklif etadi.

Namoyishning yorqin jihati 9-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” innovatsion loyihasidir. O‘zbekistonda ilk bor to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari va savdo tarmoqlari, fabrikalar va ixtisoslashtirilgan kompaniyalar xaridorlari sunʼiy intellekt yordamida raqamli formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B formatida muzokaralar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Muzokaralarda mahalliy kompaniyalardan UzTex Group, Artatex, Balabi Textile, Bakan Tex, Tashkent Cotton Textile va boshqalar ishtirok etadi.

“CAITME 2026” ko‘rgazmasiga tashrif buyurish uchun https://bit.ly/caitme_afisha saytida ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Telefon: 71 205 14 14.

www.caitme.uz

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish