“Aviation.Direct”: “Uzbekistan Airways” transformatsiyasi kompaniya qiymatini qariyb 40 foizga oshirishi mumkin

Avgust 05, 2026. 13:00 • 2 daq

48
“Aviation.Direct”: “Uzbekistan Airways” transformatsiyasi kompaniya qiymatini qariyb 40 foizga oshirishi mumkin

BERLIN, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning aviatsiya sohasiga ixtisoslashgan “Aviation.Direct” nashrida “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aviakompaniya faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq yana-da takomillashtirish va korporativ boshqaruv tizimini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Nashrning yozishicha, Amerikaning “Franklin Templeton” investitsiya kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil yakunlari bo‘yicha parvozlar jadvalini optimallashtirish, havo kemalarining yerda to‘xtab turish vaqtini qisqartirish, reys kechikishlari sonini kamaytirish hamda bortdagi taomlar va texnik xizmat ko‘rsatish sohalarida raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan qator tavsiyalar ishlab chiqilgan.

“Franklin Templeton” boshqaruvidagi O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) hisob-kitoblariga ko‘ra, belgilangan islohotlarning to‘liq amalga oshirilishi “Uzbekistan Airways”ning bozor qiymatini taxminan 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard AQSH dollarigacha oshirish imkonini berishi, bu esa qariyb 40 foizlik o‘sishga mos kelishi urg‘ulangan.

Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, kompaniya kapital bozoriga chiqqaniga qadar davlat xaridlari tizimini soddalashtirish, havo kemalari lizingi bo‘yicha qaror qabul qilish protseduralarini tezlashtirish ko‘zda tilgan.

Shu bilan birga, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini to‘liq joriy etish, kompaniya tarkibidan sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni chiqarish hamda ichki ijtimoiy ahamiyatga ega aviayo‘nalishlarni moliyalashtirishning shaffof mexanizmlarini shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Nashrda hozirda “Uzbekistan Airways” parki 44 ta havo kemasidan iborat ekani va aviakompaniya dunyoning 27 mamlakatidagi 70 ta yo‘nalish bo‘yicha reyslarni amalga oshirishi eslatib o‘tilgan.

Maqola muallifi Yan Gruberning xulosa qilishicha, O‘zbekiston hukumati mamlakatni Markaziy Osiyodagi asosiy tranzit aviatsiya markazlaridan biriga aylantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ushbu vazifaga erishishda “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va aeroport infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash alohida ahamiyatga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish