Qirg‘iziston OAV: “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti strategik sheriklik sari tashlangan muhim qadamdir
Sentabr 14, 2026. 19:00 • 2 daq
• 125
BISHKEK, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alyans-press” axborot-tahliliy agentligi portalida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov hamda Koreyaning IFANS instituti direktori Kan Myon Ilning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan qo‘shma maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” formatining davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilishi strategik qarorlar qabul qilish bosqichiga o‘tilganini aks ettirishi taʼkidlanadi. Birinchi sammit bo‘lib o‘tadigan kunlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ham amalga oshirilishi qayd etilgan.
Maqolada so‘nggi sakkiz yil ichida Seul bilan ikki tomonlama savdo aylanmasi qariyb ikki baravarga oshgani, Koreya investitsiyalari 8 milliard dollardan ortgani hamda O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokida 700 ga yaqin korxona faoliyat yuritayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Gumanitar aloqalarga, jumladan, O‘zbekistonda 170 ming kishilik koreys diasporasi istiqomat qilayotgani va Janubiy Koreyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallari faoliyat yuritayotganiga alohida urg‘u berilgan. Mamlakatni modernizatsiya qilishdagi Janubiy Koreya tajribasi Markaziy Osiyo davlatlarida raqamlashtirish va sanoat kooperatsiyasi uchun yuqori amaliy ahamiyatga ega ekani eʼtirof etilgan.
Xulosa o‘rnida, ushbu sammit sunʼiy intellekt, “yashil” infratuzilma va muhim resurslar sohalarida uzoq muddatli muloqot uchun mustahkam poydevor yaratishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi