Pokiston OAV: Toshkent Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishiga hozirlik ko‘rmoqda
Iyun 01, 2026. 09:00 • 3 daq
• 227ISLOMOBOD, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop «The Diplomatic Insight» jurnali va «The World News» elektron nashri «4–6-iyun kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi» sarlavhali maqolalarni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ularda shu yil 4–6-iyun kunlari Toshkent shahrida «Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik, barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish» mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi maʼlum qilingan.
Qayd etilishicha, Termiz muloqoti 2025-yilda doimiy faoliyat yurituvchi xalqaro platforma sifatida taʼsis etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash tashabbusini amaliy jihatdan ilgari surishga ko‘maklashishga qaratilgan. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi va BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 11-iyuldagi maxsus rezolyutsiyasi bilan mustahkamlandi.
«Bu galgi yig‘ilish O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Janubiy Kavkaz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerikadan 150 dan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilyapti», – deyiladi materiallarda.
Muloqot hamkorlari va ishtirokchilari orasida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi, yetakchi «aql markazlari», ilmiy-tadqiqot muassasalari, tinchlikparvar tuzilmalar, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti, Progressiv islohotlar markazi, Konrad Adenauyer, Berghof jamg‘armalari, PeaceNexus, Search for Common Ground, Jorjtaun universitetlari va boshqa tashkilotlar bor.
Forum dasturida sayyor sessiyalarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Muloqot ishtirokchilari Termiz shahriga tashrif buyurib, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika sohasidagi hamkorlikning zamonaviy infratuzilmasi, jumladan, “Ayritom” xalqaro savdo markazi va “Termiz Cargo Center” xalqaro logistika xabi faoliyati bilan tanishishi, qadimiy shaharning boy madaniy-tarixiy merosini yaqindan ko‘rishi mumkin.
«Muloqotning uchinchi kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Unda delegatlar tarixan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan Samarqand Renessansining noyob sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi. Yig‘ilish yakunida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish va barqaror o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishga qaratilgan Kommyunike qabul qilinishi rejalashtirilgan», – deb yozadi Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Rossiya OAV: O‘zbekiston bilan munosabatlar oliy darajadagi ishonchga asoslangan





