Madriddan munosabat: O‘zbekiston Yevroosiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda faol harakat qilmoqda

Iyun 01, 2026. 12:55 • 3 daq

2
Madriddan munosabat: O‘zbekiston Yevroosiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda faol harakat qilmoqda

MADRID, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 29-may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Nazarimda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqi bugungi kunda aynan O‘zbekiston Markaziy Yevroosiyoda pragmatik, zamonaviy va kelajakka yo‘naltirilgan kun tartibining asosiy tashabbuskorlaridan biri ekanining yorqin tasdig‘i bo‘ldi.

Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev umumiy diplomatik bayonotlar bilan cheklanib qolmay, YEOII bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha aniq tasavvur va yondashuvlarni taqdim etgani muhim ahamiyatga ega. Uning nutqida raqamlashtirish, sanoat kooperatsiyasi, texnologik yangilanish va butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga asoslangan strategik yondashuv yaqqol ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekiston yetakchisi yagona raqamli makonni shakllantirish, “aqlli” transport-bojxona koridorlarini rivojlantirish, elektron tijoratni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy logistika yechimlarini joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratgani diqqatga sazovordir. Bu O‘zbekiston bugunning o‘zidayoq kelajak iqtisodiyoti mezonlari bilan fikr yuritayotganini hamda mintaqada raqamli transformatsiyaning muhim markazlaridan biriga aylanishga intilayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma Loyiha ofisini tashkil etish tashabbusi ham alohida eʼtiborga loyiq. Bunday yondashuv Shavkat Mirziyoyevning investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan amaliy va ochiq iqtisodiy siyosatini aks ettiradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining sanoatni “yashil” transformatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va toza texnologiyalarni joriy etish masalalarini kun tartibiga olib chiqishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu Toshkent barqaror taraqqiyotni mavhum xalqaro kun tartibi sifatida emas, balki milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishning amaliy vositasi sifatida ko‘rayotganini anglatadi.

O‘zbekiston davlat rahbarining Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosati ham alohida qayd etishga arziydi. Yaqin yillargacha mintaqa yuqori darajadagi yopiqlik va cheklangan hamkorlik sharoitida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda O‘zbekiston tashabbuslari tufayli ishonch, ochiqlik va iqtisodiy sheriklikning mutlaqo yangi muhiti shakllanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yana bir bor deklarativ shiorlar emas, balki mintaqaviy rivojlanishning aniq mexanizmlarini taklif eta oladigan lider ekanini namoyon qildi. Uning Ostonadagi chiqishi O‘zbekiston Yevroosiyo jarayonlarida shunchaki ishtirok etish emas, balki Yevroosiyo makonida iqtisodiy hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda faol va konstruktiv rol o‘ynashga intilayotganini ko‘rsatdi.

Ishonchim komilki, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mintaqaviy barqarorlikni yana-da mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va umuman Markaziy Osiyoning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish