Logo

“Anadolu” AA: Yangi bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uch ming yillik tarixdan hikoya qiladi

Aprel 30, 2026. 19:09 • 2 daq

122
“Anadolu” AA: Yangi bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uch ming yillik tarixdan hikoya qiladi

ANQARA, 2-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi “Anadolu” axborot agentligida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Toshkent shahrida yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi tashrif buyuruvchilarga zamonaviy texnologiyalar yordamida yurtimizning uch ming yillik tarixi haqida hikoya qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan ushbu markaz bilim, tinchlik va bag‘rikenglik kabi islom qadriyatlariga muvofiq tashkil etilgani bilan ajralib turadi. Majmuada bu zaminda miloddan avvalgi davrlarda tashkil topgan davlatlar, o‘sha paytda yashagan buyuk shaxslar, tarixiy asarlar va topilmalar, muhim o‘zgarishlar, mintaqadagi uyg‘onish davri hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida namoyish etilgan.

10 gektar maydonda qurilgan markaz o‘zining 161×118 metr o‘lchamlari va 65 metr balandlikdagi gumbazi bilan ajralib turadi. Uch qavatli binoning umumiy foydalanish maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan oshadi.

50 mingta tarixiy artefakt, noyob qo‘lyozmalar va arxeologik topilmalarni o‘z ichiga olgan ushbu muassasa nafaqat muzey, balki tadqiqot instituti, kutubxona va xalqaro hamkorlik platformasi sifatida ham faoliyat yuritadi.

Majmuadagi eng diqqatga sazovor bo‘limlardan biri Qurʼon zali bo‘lib, u yerda Islom olamidagi eng qadimgi Qurʼon nusxalaridan biri hisoblangan Usmoniy Musʼhafi va 114 ta noyob Qurʼon qo‘lyozmalari o‘rin olgan. Ushbu bo‘limda Qurʼon oyatlari har 40 daqiqada yoritilib, go‘yo osmondan nozil bo‘layotgandek shakl hosil qiladi.

Gumbaz ostida yaratilgan maxsus golografik tizimda yulduzlar xaritasi gavdalanadi va tashrif buyuruvchilarga vizual ko‘rinish taqdim etadi.

Markazdagi “Sharaf zali”da tarix davomida ushbu zaminda sodir bo‘lgan muhim voqealar va buyuk shaxslarni aks ettiruvchi 14 ta katta panel mavjud. Panellarda Temuriylar davlati asoschisi Amir Temur, Boburiylar davlati asoschisi Bobur Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy va boshqa buyuk allomalar tasvirlangan.

Markaz o‘zining meʼmoriy ko‘lami, kolleksiya hajmi va ko‘p qirrali tuzilishi bilan Ginnesning rekordlar kitobi tomonidan “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida ro‘yxatga olingan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish