Madridda “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premerasi muvaffaqiyatli namoyish qilindi
Aprel 26, 2026. 12:00 • 2 daq
• 151
MADRID, 26-aprel./“Dunyo” AA/. Ispaniya poytaxtidagi “Palacio de Hielo” kinoteatrida o‘zbek kinoijodkorlarining “Buyuk Amir va Donna Mariya” badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Premera namoyishi yurtimizning Madriddagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda Ispaniya va Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadigan nufuzli “Casa Asia” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda diplomatik korpus, madaniy doiralar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Film Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro madaniy loyiha doirasida namoyish etildi.
O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov ushbu kino loyiha O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi Amir Temur davriga borib taqaladigan tarixiy aloqalarni aks ettirishi, o‘sha davrdagi diplomatik munosabatlarning rivojlanishini namoyish qilishini ta’kidladi.
Ssenariy muallifi, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov film turli mamlakatlar mutaxassislari ishtirokidagi xalqaro ijodiy jamoaning ko‘p yillik mehnati natijasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalar, jumladan, Kastiliya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur saroyiga tashrifi ramziy ma’noga ega ekanini e’tirof etdi.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, kartinaning badiiy konsepsiyasi tarixiy manbalar va mualliflik tafakkuri uyg‘unligiga asoslangan bo‘lib, erkinlik, inson qadr-qimmati va madaniyatlarning o‘zaro hurmati mavzulariga e’tibor qaratilgan. Tarixiy xotiraning ahamiyati va uning shaxs shakllanishiga ta’sirini ochib beruvchi zamonaviy syujet chizig‘iga alohida e’tibor qaratilgan.
Taqdimot doirasida film rejissyori Yolqin To‘ychiyev hamda bosh rol ijrochisi aktrisa Jessika Mey (Donna Mariya) tomoshabinlar oldida chiqish qildi. Ular loyiha ijodkorlariga minnatdorlik bildirib, bunday yirik xalqaro filmda ishtirok etish ular uchun katta sharaf bo‘lganini ta’kidladi.
Premera samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Tomoshabinlar filmni yuqori baholab, uning chuqur tarixiy konteksti, kuchli aktyorlik salohiyati va mavzularning dolzarbligini alohida qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi