O‘zbekiston Kuvayt bozori uchun 80+ mahsulot eksport portfelini shakllantirdi
Aprel 30, 2026. 12:55 • 2 daq
• 139
AL-KUVAYT, 1-may /“Dunyo” AA/. “Al-Jarida” gazetasida O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Yaqin Sharq mamlakatlari uchun oziq-ovqat xavfsizligi va taʼminot barqarorligi masalalari, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi oqibatlari hamda global logistika zanjirlaridagi uzilishlar sharoitida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
2023-yil noyabr oyida Kuvaytda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining taʼminot barqarorligini mustahkamlash, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasi qabul qilingan.
Nashrda qayd etilganidek, O‘zbekiston agrar salohiyati yuqori davlat. 2023-yilda mamlakatda 26,7 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, sabzavot, meva, kartoshka, poliz ekinlari va uzum yetishtirilgan. Kuvayt bozoriga yetkazib berishga mo‘ljallangan, O‘zbekistonning 22 ta brendi ostidagi 80 dan ortiq turdagi mahsulotlarni o‘z ichiga olgan eksport portfeli shakllantirilgan. Ular qatorida go‘sht, qandolat mahsulotlari, quritilgan meva, muzlatilgan mahsulotlar, ziravorlar va konservalar mavjud.
Har ikki mamlakatda yangi ko‘rgazmalar va ixtisoslashtirilgan tadbirlarni tashkil etish, Kuvayt importchilarining sohaviy forumlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, investitsiyaviy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida 940 gektar maydonda issiqxona majmuasini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilikni rivojlantirish, so‘ngra mahsulotlarni Kuvaytga eksport qilish uchun yirik yer maydonlari ajratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi