Logo

“Poslovni”: Markaziy Osiyo mintaqasi muhim investitsiya va energetika markaziga aylanmoqda

Aprel 29, 2026. 15:25 • 2 daq

139
“Poslovni”: Markaziy Osiyo mintaqasi muhim investitsiya va energetika markaziga aylanmoqda

ZAGREB, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo mamlakatlari jadal iqtisodiy o‘sish va energetik ahamiyati ortib borayotgan muhim makon sifatida shakllanmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Xorvatiyaning “Poslovni” nashriga tayanib.

Ekspertlarning baholashicha, mintaqa Yevropaning rivojlangan iqtisodiyotlariga qaraganda ancha yuqori o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda. Bunga sarmoyalar, ichki talab va savdo oqimlarining qayta yo‘naltirilishi turtki bo‘lmoqda.

“Qozog‘iston neft, gaz va strategik resurslarning boy zaxiralariga, jalb qilingan sarmoyalarning salmoqli hajmiga ega mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti sifatida maydonga chiqmoqda. O‘zbekiston esa o‘z navbatida demografik salohiyati hamda iqtisodiyotni erkinlashtirish va yuqori qo‘shimcha qiymatli ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan islohotlari bilan ajralib turadi”, deb yozilgan nashrda.

Maqolada taʼkidlanishicha, mintaqaning iqtisodiy o‘sishi nafaqat ichki omillar, balki geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi bilan ham bog‘liq. Xitoy, Yevropa Ittifoqi va AQSHning roli kuchayishi fonida Rossiyaning mavqei zaiflashishi Markaziy Osiyoda taʼsir o‘tkazish uchun raqobatni kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda transport-logistika infratuzilmasini, avvalo, mintaqani Rossiyani chetlab o‘tgan holda Yevropa bilan bog‘laydigan “o‘rta yo‘lak”ni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘ini taʼminlab, eng yirik investor maqomini saqlab qolmoqda, o‘zaro savdo hajmi esa sezilarli ko‘rsatkichlarga erishgan. Ayni vaqtda Xitoy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va sarmoyaviy faollikni kuchaytirish hisobiga o‘zining iqtisodiy ishtirokini faol kengaytirmoqda.

Iqtisodiy o‘sishning barqaror surʼatlariga qaramay, ekspertlar hamon saqlanib qolayotgan tarkibiy cheklovlar, jumladan, xomashyo eksportiga qaramlik, institutsional to‘siqlar va daromadlarning notekis taqsimlanishiga eʼtibor qaratmoqda. Shu munosabat bilan mintaqaning kelgusi taraqqiyoti ko‘p jihatdan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, institutlarni mustahkamlash hamda mamlakatlarning yetakchi tashqi kuchlar manfaatlarini samarali muvozanatda ushlab turish qobiliyatiga bog‘liq bo‘lishi alohida taʼkidlanadi.

Bundan tashqari, nashrda Xorvatiyaning mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni, xususan, energetika loyihalarida ishtirok etish orqali faollashtirishga intilayotgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish