So‘nggi yillarda 1000 dan ortiq texnologik kompaniya biznes uchun O‘zbekistonni tanladi
Iyun 28, 2026. 10:30 • 2 daq
• 151
ISLOMOBOD, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan In The World” nashrida “O‘zbekiston texnologik biznes uchun operatsion xab sifatida: raqamlar, imkoniyatlar va bu nima uchun samarali?” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston texnologik biznes uchun operatsion xab sifatida tobora rivojlanmoqda. Bu borada 1000 dan ortiq texnologik kompaniya O‘zbekistonni tanlagan. Alohida afzallik shundaki, biznes O‘zbekistonda asosiy jarayonlarni tashkil etish uchun oylab vaqt sarflamaydi.
O‘zbekistondagi “IT Park” nafaqat kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda, balki ishlash uchun tayyor infratuzilma – ofis, mebel, texnika va barcha ulangan kommunikatsiyalar bilan ham yordam bermoqda. Biznesni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha asosiy jarayonlar bitta oyna – “One Stop Shop” orqali amalga oshirilmoqda.
Nashrda ta’kidlanishicha, “IT Park” rezidentlari uchun mintaqadagi tex-biznes uchun eng qulay soliq shartlaridan biri amal qiladi: 0% korporativ soliq, QQS va ijtimoiy soliq. Xodimlar uchun daromad solig‘i 7,5% ni tashkil etadi, bu ko‘plab Yevropa mamlakatlariga qaraganda sezilarli darajada past. Buning hisobiga kompaniyalar yuqori soliq yukiga emas, balki jamoani rivojlantirish va biznesni kengaytirishga ko‘proq resurs sarflashi mumkin.
Qo‘shimcha afzallik – yashash va operatsion xarajatlar. O‘zbekistonda biznes xodimlarni yollash, jamoani saqlash va kundalik jarayonlarga kamroq mablag‘ sarflaydi, ish va yashash sharoitlari esa xalqaro biznes uchun qulay bo‘lib qolmoqda.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonda ta’sischilar, investorlar va IT-mutaxassislar uchun uch yil muddatga IT-viza amal qiladi. U mamlakatda alohida ishlash ruxsatnomasisiz yashash va ishlash imkonini beradi va oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, IT-viza egalari O‘zbekiston fuqarolari bilan bir xil shartlarda tibbiyot va ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olishlari mumkin.
“IT Park kompaniyalarga nafaqat boshlang‘ich bosqichda, balki o‘sishda ham ko‘maklashadi: jamoani topish, yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish, netvorking va xalqaro bozorlarga chiqish. Xorijiy kompaniyalar uchun bu yerda infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash tizimi allaqachon yaratilgan bo‘lib, biznes ortiqcha byurokratiyasiz kengayishi mumkin”, deya yozilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi