“RJD-Partner”: O‘zbekistonda “E-PERMIT” va “e-TIR” tizimlari tashqi savdo va logistika samaradorligini oshirmoqda

Iyun 27, 2026. 14:30 • 2 daq

134
“RJD-Partner”: O‘zbekistonda “E-PERMIT” va “e-TIR” tizimlari tashqi savdo va logistika samaradorligini oshirmoqda

MOSKVA, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning transport va logistika sohasidagi yetakchi nashri “RJD-Partner” O‘zbekistonda tashqi savdo yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining rekord darajada o‘sishi fonida global ta’minot zanjirlarining markaziy bo‘g‘ini sifatida o‘z mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda.

Tashqi savdo hajmining kengayishi mamlakatda logistika infratuzilmasini rivojlantirishga bo‘lgan barqaror talabni shakllantirmoqda hamda mavjud yo‘nalishlar tarmog‘ini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Samaradorlikni oshiruvchi asosiy drayver sifatida raqamlashtirish jarayonlariga alohida urg‘u berilgan. Xususan, “E-PERMIT” elektron ruxsatnoma tizimi va “e-TIR” raqamli tranzit protokolining joriy etilishi yuklarni rasmiylashtirishni tezlashtirish, operatsion va ma’muriy xarajatlarni kamaytirish, ruxsatnomalar berish jarayonining shaffofligini ta’minlash hamda davlat chegaralaridan o‘tish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish imkonini bermoqda.

Nashrda 2027-yilgacha bo‘lgan davrda mahalliy va xorijiy logistika biznesi uchun asosiy o‘sish nuqtalari sanab o‘tilgan. Xususan, Xitoy – Markaziy Osiyo o‘qi bo‘ylab yuk tashish hajmini oshirish, Transkaspiy xalqaro transport marshrutidan faol foydalanish va Eron hamda Fors ko‘rfazi davlatlari yo‘nalishlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, bevosita O‘zbekiston hududi orqali tranzit hajmini ko‘paytirish, xalqaro tashuvlar uchun raqamli xizmatlarni keng joriy etish, tashqi savdo yuklarini kompleks transport-ekspeditorlik kuzatuvi bilan ta’minlash hamda to‘liq ta’minot zanjirlarini samarali boshqarish ham xorijiy logistika biznesi uchun asosiy o‘sish nuqtalari sifatida qayd etilgan.

Material so‘nggida O‘zbekiston multimodal koridorlar vositasida Sharq, G‘arb va Janubiy Osiyoni bog‘lagan holda, butun Yevroosiyo qit’asining yangi transport arxitekturasini shakllantirayotgani alohida e’tirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish