O‘zbekiston diplomatlari Germaniyada kasbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi
Iyun 28, 2026. 14:00 • 2 daq
• 80
BAD-SVISHENAN, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi diplomatlari Quyi Saksoniya federal o‘lkasining Bad-Svishenan shahrida joylashgan Germaniyaning qurilish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash va malaka oshirishga ixtisoslashgan “BAU ABC Rostrup” o‘quv markaziga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida mehmon o‘quv markazi faoliyati, qurilish sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan kasbiy tayyorgarlik dasturlari hamda zamonaviy amaliy taʼlim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, diplomatlar markazda tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Suhbat davomida ularning taʼlim jarayoni, Germaniyadagi kasbiy ko‘nikmalarni egallash tajribasi, mehnat va yashash sharoitlari, shuningdek, kelgusidagi kasbiy faoliyati yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar kasbiy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, madaniy muloqotni kengaytirish hamda O‘zbekiston fuqarolarining Germaniya jamiyatiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida bunday hamkorlik malakali mutaxassislar tayyorlash bilan birga, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, amaliy sheriklik va madaniy muloqotni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etildi.
“BAU ABC Rostrup” o‘quv markazi Germaniya qurilish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash va malaka oshirishga ixtisoslashgan yirik taʼlim markazlaridan biri hisoblanadi. Markazda har yili 300 dan ziyod o‘quv kurslari va seminarlar tashkil etilib, qariyb 6 ming nafar ishtirokchi malaka oshiradi, 2 ming 300 dan ortiq shogird-o‘quvchi esa qurilish sohasi bo‘yicha amaliy kasbiy tayyorgarlikdan o‘tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi