“The Diplomatic Insight”: Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat tashqi siyosiy doktrinasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi

Noyabr 24, 2026. 15:30 • 3 daq

• 266
“The Diplomatic Insight”: Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat tashqi siyosiy doktrinasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi

ISLOMOBOD, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” portalida “Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik yo‘naltiruvchisi sifatida” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti sektor mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Bahodir Ismoilov o‘z maqolasi muqaddimasida yozganidek, zamonaviy dunyo chuqur transformatsiya davrini boshdan kechirmoqda. Kuch markazlari o‘zgarib, geosiyosiy ziddiyatlar keskinlashmoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston uchun asosiy yo‘naltiruvchi bo‘lib 2023-yil 30-aprelda referendumda qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahriri xizmat qilmoqda. Yangilangan Asosiy qonun ichki demokratik islohotlarni mustahkamladi va mamlakat tashqi siyosiy doktrinasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi, ochiqlik va pragmatizm yo‘nalishini konstitutsiyaviy me’yorga aylantirdi.

“Konstitutsiya tinchliksevar tashqi siyosat va yaxshi qo‘shnichilik asoslarini mustahkamladi, O‘zbekistonning xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplariga sodiqligini tasdiqladi. U strategiyani almashtirmaydi, balki uning mustahkam asosini belgilaydi”, – deya qayd etgan huquqshunos olim.

Nashrda Konstitutsiyaning 18-moddasi O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosat yuritishini belgilashi ta’kidlangan. 17-modda esa davlatlarning suveren tengligi, chegaralarning daxlsizligi, hududiy yaxlitlik, kuch ishlatmaslik va ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplarini mustahkamlaydi.

Muallif yozganidek, so‘nggi yillardagi eng muhim yutuqlardan biri Markaziy Osiyodagi muhitning tubdan sog‘lomlashuvi bo‘ldi. Yangilangan Konstitutsiya bu yo‘nalishni uzoq muddatli strategik ustuvor vazifa sifatida mustahkamladi. Qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hurmat asosida do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishga intilish oliy yuridik kuchga ega bo‘ldi.

Yangilangan Asosiy qonunning eng muhim yangiligi inson huquqlari kafolatlarini, shu jumladan mamlakat tashqarisida ham kuchaytirish bo‘ldi. Davlat o‘z fuqarolariga O‘zbekiston hududida ham, undan tashqarida ham himoya va homiylik kafolatini beradi. 

Professor Bahodir Ismoilov o‘z xulosasida ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati muvaffaqiyatli bo‘ladi, agar konstitutsiyaviy me’yorlar amaliy natijalarda – qo‘shnilar bilan tinch va oldindan aytib bo‘ladigan munosabatlarda, yangi iqtisodiy imkoniyatlarda, fuqarolarning ishonchli himoyasida va umumiy muammolarni hal etishda ishtirok etishda mujassam topsa.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish