O‘zbekiston jahon sayyohlik bozorida o‘z mavqeini mustahkamlab, xalqaro sayyohlik yarmarkasiga mezbonlik qilishga tayyorlanmoqda
Noyabr 24, 2026. 12:00 • 3 daq
• 149QOHIRA, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Dostor”, “Alan” va “See.news” nashrlarida 25–27-noyabr kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmasi doirasida tashkil etiladigan “Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026” 31-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Dostor” nashrida O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichevning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan. Ta’kidlanishicha, mazkur yarmarkada 20 ta mamlakatdan, jumladan, Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Rossiya, Turkiya va Vetnamdan 300 dan ortiq kompaniya ishtirok etadi.
Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik sayyohlik maydonlaridan biri bo‘lib, unda davlat tuzilmalari, milliy turizm tashkilotlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar va investorlar yangi yo‘nalishlar hamda qo‘shma loyihalarni muhokama qiladi. Sayyohlar esa xorijiy davlatlar vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Elchining qayd etishicha, tropik orollar va dengiz kurortlaridan tortib, shahar hamda madaniy sayohatlargacha bo‘lgan yangi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Dasturdan turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar va kurortlarning maxsus takliflari hamda chegirmalari, ekologik va gastronomik turizm, sog‘lomlashtirish maskanlarida dam olish, ayurveda va teri parvarishi kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan.
Milliy pavilonlarda hududiy mahsulotlar va xalq hunarmandchiligi buyumlari namoyish etilib, taomlar degustatsiyasi o‘tkaziladi.
“Alan” portalida Muhammad Ibrohim Aqlning “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘li shon-shuhratini qayta tiklayotgan jahon sayyohlik markazi” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Muallif turizm sohasining o‘sishidan dalolat beruvchi ma’lumotlarni keltirgan. Unga ko‘ra, xorijiy sayyohlar soni 2016-yildagi qariyb 2 million nafardan 2025-yilda 11,7 million nafarga yetgan, turizm xizmatlari eksportidan tushgan daromad esa 2025-yilda taxminan 4,8 milliard dollarni tashkil etgan.
2026-yilning o‘n oyi davomida mamlakatga 11,6 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va daromadlar deyarli 6,1 milliard dollarga yetdi. 2030-yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan.
Muallif O‘zbekistonda turizm faqat tarixiy-madaniy yo‘nalishlar bilan cheklanib qolmayotgani, balki ekologik, tibbiy, sarguzasht va gastronomik turizm ham rivojlanib borayotganiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, yarmarka qo‘shma investitsiyalar kiritish, aviaqatnovlarni rivojlantirish hamda menejment, marketing va raqamli xizmatlar sohasida tajriba almashish uchun imkoniyat yaratadi.
“See.news” yangiliklar portalida chop etilgan “Barcha yo‘llar Toshkentga olib boradi” nomli maqolada tadbir tashkilotchilari haqida ma’lumot berilgan. Unda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” va “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi (Butunjahon turizm tashkiloti — UN Tourism ishtirokida) tashkilotchilar sifatida qayd etilgan.
Asosiy tadbirlardan biri Turizm bo‘yicha xalqaro investitsiya forumi bo‘lib, unda sohaga sarmoya kiritish imkoniyatlari, mehmonxona majmualarini rivojlantirish, tibbiy va ekologik turizm masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, kompaniyalar va investorlar o‘rtasida bevosita uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Nashrning qayd etishicha, Ozarbayjon, Belarus, Chexiya, Xitoy va Gonkong, Gruziya, Qirg‘iziston, Malayziya, Tailand hamda Turkiya o‘z milliy pavilonlarini taqdim etadi.
Maqolada o‘quvchilar e’tibori Gruziyaning Ajariya mintaqasidagi Qora dengiz kurortlari, Malayziyaning “Visit Malaysia 2026–2027” kampaniyasi va Gonkongning “Only in Hong Kong” kampaniyasi doirasidagi dam olish maskanlariga qaratilgan.
O‘zbekistonning barcha 12 ta viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri ham o‘z imkoniyatlarini taqdim etadi. Dasturdan B2B formatidagi uchrashuvlar, ekspertlar ishtirokidagi forumlar va panel munozaralari, hunarmandchilik ko‘rgazmasi hamda milliy taomlar namoyishi o‘rin olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


