Ammanda O‘zbekiston–Iordaniya strategik hamkorligiga bag‘ishlangan maxsus jurnal chop etildi
Noyabr 25, 2026. 10:30 • 2 daq
• 79AMMAN, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning “Jordan News” nashri tomonidan O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi strategik sheriklikka bag‘ishlangan 44 sahifalik maxsus jurnal chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nashrda ikki davlatning siyosiy muloqotdan amaliy iqtisodiy hamkorlikka o‘tish jarayoni tizimli tarzda yoritilgan. Unda 1993-yilda o‘rnatilgan diplomatik aloqalar, 2025-yil avgust oyida Podshoh Abdulla IIning Samarqandga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan 15 ta ikki tomonlama hujjat, 2026-yil 6-noyabr kuni Ostona shahrida “Aqaba jarayoni” doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv, parlament do‘stlik guruhlari va ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorligi bo‘limlarida 2021–2025-yillarda o‘zaro savdo aylanmasining 8,5 barobar oshgani, 2026-yilda kelishilgan imtiyozli savdo bitimi, Iordaniyada O‘zbekiston savdo uyini ochish rejasi, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 23 ta Iordaniya kapital ishtirokidagi kompaniya va 13 ta qo‘shma loyiha portfeli tafsilotlari keltirilgan.
Nashrda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi “Invest Uzbekistan” (invest.gov.uz/en) rasmiy portali misolida taqdim etilib, zamonaviy infografikalar orqali asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar aks ettirilgan.
Bundan tashqari, jurnalda ekologik barqarorlik maqsadlari, hududlar va tarmoqlar kesimidagi sarmoya imkoniyatlari, Yangi Toshkent ma’muriy markazi hamda yangi tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi (TIFC) haqida ma’lumotlar berilgan.
Jurnalning yakuniy bo‘limlarida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tilgan. So‘nggi sahifalar Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Qusam ibn Abbos maqbarasi joylashgan Shohi Zinda majmuasining O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy va ruhiy rishtalar ramzi sifatidagi o‘rniga bag‘ishlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




