“The Times Union”: O‘zbekiston Konstitutsiyasida NNTning qonuniy manfaatlari kafolatlangan

Noyabr 29, 2026. 16:00 • 2 daq

• 276
“The Times Union”: O‘zbekiston Konstitutsiyasida NNTning qonuniy manfaatlari kafolatlangan

TOSHKЕNT, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Times Union” nashrida O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Tashqulovning maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif maqolada O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay sharoitlar va huquqiy kafolatlar xususida so‘z yuritgan.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda davlat NNTlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashi, ularning jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratishi belgilangan. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning NNTlar faoliyatiga aralashishi taqiqlangan.

Ma’lum qilinishicha, NNT to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham O‘zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda NNTlarning muassislari yoki a’zolari bo‘lishi mumkin.

Qonunchilik doirasida NNTlar inson huquqlarini himoya qilish, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohalarida loyihalarni amalga oshirishi, xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega.

Shuningdek, NNTlar o‘z ustavida belgilangan maqsadlarga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, daromad olishi va ushbu daromadni o‘z maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltirishi mumkin.

Ijtimoiy loyihalar davlat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi. O‘zbekiston Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda uning hududiy bo‘linmalari NNTlarga davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar ajratish orqali ko‘maklashadi.

Xorijiy mablag‘larni qabul qilish tartib-taomillari ham soddalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yilda kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, adliya organlarining roziligisiz qabul qilinishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulk miqdorining chegarasi BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha oshirildi. Bunday hollarda mablag‘lar qabul qilinishidan oldin belgilangan tartib va muddatlarga muvofiq xabarnoma taqdim etishning o‘zi yetarli hisoblanadi.

O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar yoki ularning ixtisoslashgan muassasalaridan bevosita olinadigan mablag‘lar uchun rozilik talab etilmaydi.

Maqola yakunida ushbu imkoniyatlarning amaliy ahamiyati ulardan jamiyat manfaatlari yo‘lida samarali foydalanishda namoyon bo‘lishi qayd etilgan. O‘zbekiston NNTlarining mahalliy tajribasini xorijiy hamkorlarning bilim va resurslari bilan birlashtirish ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish