“Hello Magyar”: O‘zbekiston xorijiy IT-kompaniyalar uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda
Noyabr 28, 2026. 17:30 • 2 daq
• 246
BUDAPЕSHT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Hello Magyar” onlayn nashrida “O‘zbekiston IT-biznes loyihalarini ishga tushirish tizimini soddalashtirmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, xorijiy kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish hamda startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingan.
Maqolada yozilishicha, 2026-yilda “IT Park Uzbekistan” rezidentlari soni 4,2 mingdan oshgan. Bu ko‘rsatkich 2017-yildagi 147 ta kompaniyaga nisbatan 28 barobar ko‘pdir. Ularning 1,2 mingdan ortig‘i xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar hisoblanadi.
Muallif xorijiy investorlar uchun kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, soliq hisobiga qo‘yish va bank hisobvarag‘ini ochish jarayonlarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratgan.
Xususan, IT Park tomonidan taqdim etiladigan “One Stop Shop” xizmati orqali ushbu jarayonlarni masofadan turib amalga oshirish va ma’muriy masalalarda mutaxassislar ko‘magidan foydalanish mumkinligi qayd etilgan.
Xorijiy kompaniyalarning dastlabki xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan “Incentives” dasturi imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar ofis va zarur uskunalar bilan ta’minlanishi, xodimlarni tanlash va o‘qitish xarajatlarining bir qismi qoplanishi mumkin.
Dasturda ishtirok etish uchun yangi ish o‘rinlari bo‘yicha minimal talab 20 tadan 10 tagacha kamaytirilgan. Belgilangan shartlarga javob beradigan ish o‘rinlari uchun ish haqi fondining 10–15 foizini kompensatsiya qilish mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Maqolada IT Park rezidentlari uchun taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va xorijiy mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar ham muhim raqobat ustunligi sifatida ko‘rsatilgan.
Nashrda O‘zbekistonning IT-xizmatlar eksporti geografiyasi kengayib borayotgani ham alohida ta’kidlangan. Ayni paytda IT Park rezidentlari 105 ta mamlakatga raqamli mahsulotlar va IT-xizmatlar eksport qilmoqda.
“Hello Magyar” O‘zbekistonni xorijiy texnologik kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan, IT-xizmatlar eksporti jadal rivojlanayotgan va mintaqaviy texnologik markazga aylanish salohiyati yuqori davlat sifatida e’tirof etgan.
Maqolada kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib, kadrlarni jalb qilish, soliq imtiyozlari, eksport va startaplarni moliyalashtirishgacha bo‘lgan imkoniyatlarning yagona tizim sifatida shakllantirilayotgani O‘zbekistonning xalqaro IT bozoridagi jozibadorligini oshirayotgan muhim omil sifatida baholangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi