Logo

“Times Kuwait” gazetasi: O‘zbekiston sayyohlar uchun xavfsiz va jozibador maskanga aylangan

Noyabr 29, 2025. 16:00 • 2 daq

92
“Times Kuwait” gazetasi: O‘zbekiston sayyohlar uchun xavfsiz va jozibador maskanga aylangan

AL-KUVAYT, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning ingliz tilida nashr etiladigan “Times Kuwait” haftalik gazetasida “O‘zbekiston: tarix imkoniyatlari makoni bo‘lgan mamlakat” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Gazetada yozilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston Yevroosiyodagi eng jozibador turizm yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining markazi bo‘lgan mamlakat xalqaro hamjamiyat, tadqiqotchilar, sayohatchilar va diplomatlarni tobora o‘ziga ko‘proq jalb etmoqda.

O‘zbekistondagi har bir shahar o‘ziga xos sivilizatsiya qatlamini saqlab qolgan. Jumladan, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar va bu yerda tashkil etilayotgan yirik strategik uchrashuvlar davlatning meʼmoriy ulug‘vorligi hamda xalqaro darajadagi yuksak eʼtirofni namoyon qilmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekistonning asosiy sayyohlik markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand xalqaro tadbirlar infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu yerda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yuksak darajada o‘tkazildi. Bunday nufuzli yig‘inlar shahar infratuzilmasini yaxshilashga, sayyohlik xizmatlari sifatini oshirishga va Samarqandning xavfsiz va sayyohlar uchun qadrli joy sifatidagi qiyofasini shakllantirishga hissa qo‘shadi.

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda viza tizimini takomillashtirish va soddalashtirish ishlari davom etmoqda. Bunday islohotlar xorijiy mehmonlarga yanada qulaylik yaratmoqda. Elektron viza va soddalashtirilgan chegara tartiblarining joriy etilishi ovoragarchiliklarni sezilarli darajada qisqartirdi.

Qolaversa, turli mamlakatlar fuqarolari uchun yaratilgan viza imtiyozlari sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda madaniyat va taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish