Toshkent delegatsiyasining AQSHga safarida yangi hamkorlik loyihalari ko‘rib chiqildi
Noyabr 20, 2026. 21:30 • 3 daq
• 24SIETL, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiyaning Vashington shtatiga xizmat safari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur amaliy tashrif Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim, madaniyat, shaharsozlik va iqtisodiyot sohalarida istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari 1973-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, yarim asrdan ortiq vaqt davomida do‘stlik va madaniy almashinuvning muhim namunasiga aylandi.
Yurtimiz delegatsiyasi vakillari Sietlning Capitol Hill hududida joylashgan, 1974-yilda tashkil etilgan “Toshkent” bog‘iga tashrif buyurdi. U yerda bog‘ning bugungi holati, uni obodonlashtirish, tarixiy do‘stlik an’analarini asrab-avaylash va kelgusida madaniy tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Davlat bayrog‘imiz qabul qilinganining 35-yilligi munosabati bilan Sietl shahridagi ayrim bino va inshootlarning mamlakatimiz milliy bayrog‘i ranglarida jilolanishi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonga bo‘lgan hurmat, Toshkent va Sietl o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida baholandi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya 2026-yilgi FIFA Jahon chempionati uchrashuvlariga mezbonlik qilgan “Lumen Field” stadionida ham bo‘ldi.
Stadion mutaxassislari bilan muloqotda yirik xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish, zamonaviy sport infratuzilmasidan samarali foydalanish, tomoshabinlar oqimini boshqarish hamda sport majmualarida yil davomida turli tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tajribalar o‘rganildi.
Madaniy hamkorlik doirasida Osiyo jahon kinofestivali tashkilotchilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, xalqaro kinoijodkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va amerikalik mutaxassislarni Toshkent xalqaro kinofestivaliga jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning nufuzli kasbiy ta’lim muassasalaridan biri – Janubiy Sietl kolleji (South Seattle College) faoliyati bilan ham tanishdi. Kollej rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash, ilg‘or ta’lim metodikalarini joriy etish va ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning muhim amaliy natijasi sifatida Janubiy Sietl kolleji hamda O‘zbekiston ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Hujjat doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu ta’lim muassasasida avtomobilsozlik, elektromobillar, aviatsiya va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Vakillarimiz kollejning avtomobil texnologiyalari va elektromobillar laboratoriyalari, aviatsiya texnikasiga xizmat ko‘rsatish o‘quv markazida bo‘lib, amaliy ta’lim tizimi bilan tanishdi.
Sietldagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Vashington shtati va unga tutash hududlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar, mutaxassislar, talabalar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyaviy imkoniyatlar va yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Suhbat chog‘ida xorijda katta tajriba orttirgan vatandoshlarning bilim va salohiyatidan O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanish, ularni iqtisodiy, ilmiy-ta’lim va innovatsion loyihalarga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Vatandoshlar O‘zbekistonda yangi tashabbuslarni amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha takliflarini bildirdilar.
Toshkent delegatsiyasining AQSHga safari hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Eng muhimi, erishilgan kelishuvlar ta’lim va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, madaniy aloqalarni kengaytirish hamda investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








