O‘zbekiston fazoni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish bo‘yicha “Artemis” bitimlarini imzolagan 77-davlatga aylandi

Oktabr 25, 2026. 16:30 • 3 daq

• 114
O‘zbekiston fazoni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish bo‘yicha “Artemis” bitimlarini imzolagan 77-davlatga aylandi

RIM, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oy va boshqa fazoviy obyektlarni tinch maqsadlarda o‘zlashtirishning xalqaro tamoyillarini qo‘llab-quvvatlagan holda “Artemis” bitimlariga qo‘shildi va bu hujjatni imzolagan 77-davlatga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Italiyaning “AstroSpace” agentligiga tayanib.

Hujjatni imzolash marosimi Samarqandda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston nomidan hujjatni tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov imzoladi.

NASA ma’muri o‘rinbosari Mett Anderson O‘zbekistonning qarorini olqishlab, bu qadam Amerika koinot dasturi taraqqiyotining muhim bosqichida amalga oshirilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp NASA oldiga Oy bazasini qurish va insoniyatning Oy yuzasida uzoq muddatli ishtirokini ta’minlash vazifasini qo‘ygan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston mahalliy texnologiyalarni rivojlantirish va koinot sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan milliy koinot dasturini amalga oshirishga kirishdi.

Mamlakat tarixida ilk kichik “CubeSat” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish istiqbolli loyihalardan biriga aylandi. Uning ustida o‘zbekistonlik talabalar universitetlar ishtirokida ish olib bormoqda va uni 2028-yilga qadar uchirish rejalashtirilgan.

Bitimlarni imzolash O‘zbekiston va NASA vakillarining birinchi rasmiy uchrashuvidan bir necha hafta o‘tib bo‘lib o‘tdi. Oktyabr oyi boshida Antaliya shahrida o‘tgan “IAC 2026” xalqaro astronavtika kongressida NASA vakillari O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “O‘zkosmos” milliy koinot agentligi delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Mamlakat uchun keyingi yirik voqea-2028-yilda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini o‘tkazish bo‘ladi. Bu jahon koinot sohasining eng yirik har yilgi forumi Markaziy Osiyoda o‘tkaziladigan ilk holat hisoblanadi.

“Artemis” bitimlari 2020-yilda NASA va AQSH Davlat departamenti tomonidan yettita asoschi davlat, jumladan Italiya bilan birgalikda tashkil qilingan. 

Bitimlar yuridik jihatdan majburiy halqaro shartnoma hisoblanmaydi. Ular 1967 yilgi Koinot to‘g‘risidagi shartnomaga asoslangan Oy, Mars va koinotning boshqa hududlarini tadqiq etishning amaliy tamoyillari to‘plamidan iborat.

Hujjatni imzolagan davlatlar koinot faoliyatini tinch va shaffof maqsadlarda amalga oshirish, xavf ostida qolgan insonlarga yordam ko‘rsatish, ilmiy ma’lumotlarning oshkoraligini ta’minlash hamda boshqa ishtirokchilarning faoliyatiga aralashishdan tiyilish majburiyatini oladilar. Koinot obyektlari va tarixiy qiymatga ega joylarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

“Artemis”ga qo‘shilish O‘zbekiston uchun o‘z sun’iy yo‘ldosh dasturini rivojlantirish va Samarqandning-2028-yilda dunyodagi eng yirik tarmoq forumlaridan birini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishi fonida xalqaro koinot tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish