O‘zbekiston Samarqandning tarixiy merosi haqidagi postlar sababli Eronga norozilik bildirdi
Oktabr 25, 2026. 14:30 • 2 daq
•
TOSHKENT, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vazirligi Eronning Toshkentdagi elchisi Muhammad Ali Iskandariyni chaqirtirib, Eronning xorijdagi qator diplomatik vakolatxonalari tomonidan Samarqand merosining siyosiy maqsadlarda talqin qilinishiga oid X ijtimoiy tarmog‘idagi postlar yuzasidan unga norozilik notasini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston TIVning ma’lum qilishicha, Toshkent tomoni shaharning tarixiy-madaniy merosini biryoqlama va siyosiylashtirilgan holda talqin qilish deb baholagan ushbu postlar yuzasidan Eron tomoniga qat’iy e’tiroz bildirgan.
Bunga Eronning Armaniston va Zimbabvedagi elchixonalari AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqanddagi Registon maydoni fonida tushgan tasvirlarini joylashtirgani sabab bo‘lgan. Xabarlarda tarixiy obidalarning me’moriy ravoqlari “Eron islom sivilizatsiyasi”ga xos xususiyatlar sifatida ta’kidlangan.
O‘zbekiston TIVda Samarqand, Buxoro, Xiva va mamlakatning boshqa tarixiy shaharlari merosi ko‘p asrlar davomida shakllangani hamda o‘zbek xalqining tarixi, davlatchilik an’analari va madaniy taraqqiyotini aks ettirishi alohida ta’kidlangan.
O‘zbekiston tomoni bahsli postlarni o‘chirib tashlashni va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilgan. Shu bilan birga, vazirlik O‘zbekiston Eron bilan o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni qadrlashini hamda tarixiy-madaniy meros masalalari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini izchil himoya qilish niyatida ekanini qayd etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi