O‘zbekiston elchixonasida Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi
May 14, 2026. 15:25 • 2 daq
• 5DEHLI, 14-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va eksport portfelini diversifikatsiya qilish borasidagi izchil saʼy-harakatlar doirasida Hindistonning “Mehta Tubes” va “Pearl Precision Products” kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xom-ashyo bo‘lmagan mahsulotlar eksporti hajmini oshirish hamda iqtisodiyotning real sektoriga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratildi.
“Mehta Tubes” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jayesh Morakiya bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda mamlakatimizning investitsiyaviy va sanoat salohiyati haqida maʼlumot taqdim etildi. Yuqori aniqlikdagi quvurlar va metall buyumlar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarni yetkazib berish, shuningdek, eksport qilinadigan tovarlarni standartlashtirish va sertifikatlash bo‘yicha Hindiston tajribasini o‘rganishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasiga urg‘u bergan holda, o‘zaro mahsulot yetkazib berish assortimentini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldi.
“Pearl Precision Products” kompaniyasi eksport amaliyotlari departamenti rahbari Shantanu Attrey bilan o‘zbek mahsulotlarini Hindistonning logistika xablari orqali uchinchi davlatlar bozorlariga olib chiqish istiqbollari muhokama qilindi.
Avtomobilsozlik va elektrotexnika sanoati uchun yuqori aniqlikdagi butlovchi qismlarni yetkazib berish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalari hududida qo‘shma ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish uchun imtiyozli sharoitlar taqdim etishga tayyorlik tasdiqlandi.
Uchrashuvlar yakunida qo‘shma ishchi guruhlar shakllantirish, onlayn-konsultatsiyalar tashkil etish, hindistonlik hamkorlarning mamlakatimiz hududlari eksport salohiyati bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashriflarini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar yo‘lga qo‘yilgan muloqot tovar ayirboshlash hajmini oshirish, yangi texnologik zanjirlarni yaratish va O‘zbekiston xomashyo bo‘lmagan sektorining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston va BAA o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokara o‘tkazildi





