Varshavada O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida akademik almashinuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
May 14, 2026. 14:25 • 2 daq
• 43
VARSHAVA, 14-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi diplomatlari “Vizja University” oliy taʼlim muassasasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ushbu universitet prorektori Matsey Kluz va rivojlanish bo‘yicha direktor Karol Kovalchik bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ishtirokchilar ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Polsha tomoni universitet delegatsiyasining shu yil iyul oyida Toshkentga tashrifini amalga oshirish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
Matsey Kluz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor davlatlardan biri sifatida ko‘rishini taʼkidlab, turli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish taklifini bildirdi.
Xususan, prorektor o‘zbekistonlik talabalar uchun har yili kamida 50 tagacha grant va qisqa muddatli o‘quv dasturlarini joriy etish, Toshkentda qo‘shma taʼlim loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda kelajakda O‘zbekistonda universitetning filialini ochish imkoniyatlari bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Polsha tomoni universitet platformasida “O‘zbek moda va dizayn haftaligi” tadbirini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, uni Varshava va Vroslav shaharlarida tashkil etishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonlik dizaynerlar va brendlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda hamkorlik aloqalarini kengaytirish lozimligini qayd etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda iqtidorli yigit-qizlar uchun grant, stipendiya va mavsumiy taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Polsha shaharlariga taʼlimiy va madaniy safarlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining Afg‘onistonga tashrifi Afg‘on OAVda keng yoritildi



