“Vecherniy Bishkek”: O‘zbekiston ilm-fan va taʼlim yo‘nalishida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
Iyul 27, 2026. 11:00 • 2 daq
• 94
BISHKEK, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning ommabop “Vecherniy Bishkek” nashrida O‘zbekistonda ilm-fan, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Mo‘minovning fikr-mulohazalari keltirilgan.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi. Akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar va taʼlim dasturlari inson kapitali rivojiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli mintaqada ishonch muhiti shakllandi. Bugungi kunda davlatlar taʼlim, ilm-fan, madaniyat va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.
Oliy taʼlim sohasida universitetlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar, akademik almashinuvlar, qo‘shma taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar ustuvor yo‘nalishga aylandi. O‘zbekiston oliygohlarida Markaziy Osiyo davlatlaridan 3 020 nafar talaba tahsil olayapti, ularning 384 nafari Qirg‘iziston fuqarosi hisoblanadi. Shuningdek, har yili qo‘shni davlat yoshlari uchun 20 tadan davlat granti ajratilayapti.
Hamkorlikning yorqin namunasi sifatida Chirchiq shahrida Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali ochildi. Shuningdek, Olmaota shahrida suv resurslarini boshqarish va agrar innovatsiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan qo‘shma taʼlim loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Nashrda yozilishicha, akademik mobillik talabalar va olimlarga yangi bilim va tajriba orttirish, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkonini yaratmoqda. Neft va kimyo muhandisligi, filologiya, psixologiya, menejment hamda boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma taʼlim va ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Turkiy dunyoda yagona intellektual makon shakllanib bormoqda. Universitetlar va ilmiy markazlar yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, qo‘shma tadqiqotlar va taʼlim tashabbuslarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutayapti.
Kelgusida o‘zbek tilini xorijliklar uchun zamonaviy usullarda o‘qitish tizimini rivojlantirish, gumanitar aloqalarni kengaytirish va mamlakatning ilmiy-taʼlim salohiyatini yanada oshirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Taʼlim, ilm-fan va xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan investitsiyalar mintaqa barqaror taraqqiyoti va yagona intellektual makonni shakllantirishning mustahkam asosini yaratayapti.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi