AQShning yirik kompaniyalari O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlariga qiziqish bildirmoqda
Iyul 27, 2026. 13:00 • 2 daq
• 41
SIETL, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston va AQShning shimoli-g‘arbiy hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda “Boeing China”ning sobiq prezidenti Jon Bruns,AQShning Vyetnamdagi sobiq elchisi Maykl Mikalak, “World Affairs Council Seattle” prezidenti Jaklin Miller, “Dorsey & Whitney” va “K&L Gates” yuridik firmalari rahbarlari, “Amazon”, “Google”, “Microsoft” hamda mahalliy ishbilarmon va akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va institutsional islohotlar, investitsiya muhitini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda sanoat, energetika, raqamli iqtisodiyot, logistika, turizm va yuqori texnologiyalar sohalaridagi istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Muzokaralar chog‘ida investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni yuksak baholab, mamlakatning Markaziy Osiyodagi ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotganini taʼkidladi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha qator istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish hamda O‘zbekistonning tegishli davlat idoralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi