“News Network Pakistan” AA: O‘zbekiston va Ozarbayjon jahon texnologik industriyasining muhim ishtirokchisiga aylanmoqda

Iyul 26, 2026. 10:00 • 2 daq

133
“News Network Pakistan” AA: O‘zbekiston va Ozarbayjon jahon texnologik industriyasining muhim ishtirokchisiga aylanmoqda

ISLOMOBOD, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” axborot agentligida “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon startaplar, investorlar va iqtidorli mutaxassislar uchun jozibador markazga aylanmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, bir necha yil avval Markaziy Osiyo va Kavkaz jahon texnologik industriyasining muhim ishtirokchilari sifatida kamdan-kam tilga olinar edi. Bugungi kunda esa vaziyat keskin o‘zgarmoqda: mintaqa innovatsiyalar global xaritasida tobora mustahkam o‘rin egallab, xalqaro investorlar, texnologik kompaniyalar va tadbirkorlarni faol jalb etmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishgan O‘zbekiston va Qozog‘iston tajribasi eʼtiborga molik. Har ikki mamlakatda ham o‘zining “yunikorn” kompaniyalari, kuchli innovatsion institutlari – “IT Park Uzbekistan va Astana Hub” – shakllangan bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlaridan investorlar ishonchi tobora ortib bormoqda. Hozirgi vaqtda mazkur hamkorlikka Ozarbayjonning ham qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, materialda ushbu mamlakatlarni xalqaro INMerge innovatsion sammiti birlashtirayotgani maʼlum qilingan. Besh yil ichida ushbu forum kichik korporativ uchrashuvdan Markaziy Yevroosiyodagi eng yirik texnologik tadbirlardan biriga aylandi. Bugungi kunda INMerge Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya, Turkiya va boshqa mamlakatlar ishtirokchilarini birlashtirmoqda.

Mintaqada yagona innovatsion makonni shakllantirishga qaratilgan yana bir muhim loyiha – bu O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Digital Startup Awards” dasturidir. U o‘zaro integratsiyalashgan ekotizimni shakllantirish maqsadida Markaziy Osiyo, Kavkaz va Mo‘g‘ulistonning sakkiz mamlakati startap asoschilarini birlashtirib, bir necha yildan buyon istiqbolli texnologik loyihalarni aniqlash bo‘yicha eng muhim platformalardan biri bo‘lib kelmoqda.

“News Network Pakistan” maqolasida yozilishicha, “Digital Startup Awards” — bu shunchaki tanlov emas, balki o‘z kompaniyalarini kengaytirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro bozorlarga chiqish va investitsiya jalb qilishga tayyor bo‘lgan startap asoschilari uchun kompleks qo‘llab-quvvatlash dasturidir.

Aynan shunday dasturlar tufayli iqtidorli jamoalar o‘z mamlakatlari chegarasidan tashqarida ham o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘lmoqda. Natijada, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Mo‘g‘uliston xalqaro texnologik hamjamiyat uchun tobora jozibador mintaqaga aylanib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish