O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida investitsiya va sanoat yo‘nalishida yangi kelishuvlarga erishildi
Iyul 27, 2026. 11:30 • 2 daq
• 43MADRID, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning Galisiya avtonom hududiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Galisiyadagi yirik tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan o‘zaro sheriklik munosabatlarini kengaytirish, eksport-import aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan uchrashuvlar tashkil etildi.
Suhbatlar chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiyaviy muhit afzalliklari, GSP+ tizimi imkoniyatlari hamda sanoat, farmatsevtika, agrosanoat, qayta tiklanuvchi energetika, logistika va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari xususida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar jarayonida joriy yilning kuzida Galisiya yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Safar davomida elchi Ispaniyaning yirik biofarmatsevtika guruhi – “Grupo Zendal” vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Kompaniya rahbariyati O‘zbekistonda ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilishdan manfaatdor ekanini bildirib, respublika farmatsevtika klasterlarini borib ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, akvakultura sohasida “Feeding Systems S.L.” kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur kompaniya Toshkent viloyatida qiymati 25 million yevroga teng zamonaviy baliqchilik fermasini barpo etish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Tashrif yakunida geotermal texnologiyalar va energiya samarador tizimlar sohasida Yevropada yetakchi hisoblangan “Ecoforest” kompaniyasi majmuasi bilan tanishildi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi issiqxona majmualarida kompaniyaning geotermal yechimlarini qo‘llash bo‘yicha sinov loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



