“The Nation” gazetasi: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar yanada yetuk iqtisodiy hamkorlik modeliga o‘tmoqda
Iyul 26, 2026. 14:30 • 3 daq
• 166
ISLOMOBOD, 26-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Nation” gazetasida “O‘zbekiston – Qirg‘iziston: Yaqin qo‘shnichilikdan uzoq muddatli iqtisodiy kooperatsiya sari” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi, – deyilgan nashr muqaddimasida. – Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar strategik yo‘nalishni belgilab bermoqda, hukumatlararo muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi esa ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma komissiya bo‘lib qolayotir”.
Mazkur hamkorlik tizimining muhim tarkibiy qismi hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar hisoblanadi. 2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekistonning chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Prezidenti vakolatli vakillari kengashi 2025-yilda ikki davlat Hududlar rahbarlari kengashi sifatida yangilandi. Ushbu yo‘nalishning davomi sifatida O‘zbekistonda birinchi Hududlararo forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunday format savdo, logistika, chegara o‘tish punktlari, bozorlar va hududlardagi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun amaliy ahamiyat kasb yetadi.
Materialda, shuningdek, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar tobora faollashyotganiga e’tibor qaratilgan. Ma’lum qilinganidek, 2024-yil iyul oyida Toshkent shahrida 350 nafar tadbirkor ishtirokida O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 213 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 20 ta hujjat imzolandi.
“Tovar ayirboshlash hajmidagi o‘sish iqtisodiy manfaatlarning ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi qariyb 1,2 milliard dollariga yetib, 36,4 foizga oshdi. 2026-yilning yanvar–may oylarida ham ijobiy tendensiya saqlanib qoldi: tovar ayirboshlash hajmi 468,8 million dollarini tashkil etib, 43,9 foizga o‘sdi. Ushbu ijobiy tendensiyalarni mustahkamlash maqsadida tomonlar 2024–2030-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro savdoni kengaytirish dasturini amalga oshirmoqda”, – deb yozgan Pokiston bosma nashri.
“The Nation” investitsiyaviy hamkorlik ikki mamlakat biznesining o‘zaro ishtirokiga tayanayotganini alohida urg‘ulagan. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi 450 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Qirg‘izistonda O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 85 ta korxona mavjud. Bu esa hamkorlik oddiy savdo operatsiyalaridan yanada barqaror biznes sherikchiligi bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, bir qator tashabbuslarning moliyaviy asosini O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ta’minlamoqda. Uning portfelida transport, moliya, yengil sanoat, qurilish materiallari va energetika sohalaridagi loyihalar mavjud. Jamg‘armaning loyiha bazasini kengaytirish va Qirg‘iziston tomonining uning ustav kapitalidagi ishtirokini ko‘rib chiqish ushbu moliyaviy mexanizmning barqarorligini yanada mustahkamlashi mumkin.
Maqola xulosasida qayd etilganidek, “O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar yanada yetuk iqtisodiy hamkorlik modeliga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi