O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining Ar-Riyozga tashrifi Saudiya OAV nigohida
May 06, 2026. 10:55 • 2 daq
• 204AR-RIYOZ, 6-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Saudiya Arabistoniga tashrifi mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Davlat va xususiy ommaviy axborot vositalari tashrifning siyosiy, iqtisodiy va strategik ahamiyatiga alohida urg‘u berib, uning asosiy jihatlarini batafsil yoritdi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga doir yozma maktubi Saudiya Arabistoni Valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudga yetkazilgani haqidagi xabarga alohida eʼtibor qaratildi. Bu qadam oliy darajadagi barqaror siyosiy muloqotning yana bir tasdig‘i sifatida baholandi.
Maktub Ar-Riyozdagi muzokaralar chog‘ida Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon Ol Saud orqali topshirilgani qayd etildi. Ushbu yangilik mamlakatning “Al Riyadh”, “Okaz”, “Asharq Al-Awsat”, “Al Madina”, “Al Jazirah”, “Al Watan” kabi yetakchi nashrlarida keng yoritildi.
Tashrifning iqtisodiy jihati ham OAV kun tartibidan keng o‘rin oldi. Xususan, Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Fahad bin Abdujalil Al-Saif bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida maʼlumot berildi. Unda investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Tashrifning mintaqaviy jihati, jumladan, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Muhammad Al-Budayviy bilan muzokaralar ham alohida eʼtirof etildi. Tomonlar Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ikkinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rish va ko‘p tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, xavfsizlik sohasidagi dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar xususida ham to‘xtalib o‘tilgan. Kengash bosh kotibi aʼzo davlatlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi. Bu holat Saudiya Arabistoni va mintaqa ommaviy axborot vositalarida ham o‘z aksini topdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




