AQSHning Oregon shtati 1-sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi
Avgust 30, 2026. 17:11 • 2 daq
• 10SEYLEM, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSHning Oregon shtati gubernatori Tina Kotek 2026-yil 1-sentyabrni butun shtat miqiyosida “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deya e’lon qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga tayanib “Dunyo” AA muxbiri.
Gubernator tomonidan imzolangan va Oregon davlat kotibi Tobias Rid tomonidan tasdiqlangan proklamatsiyada Oregonning barcha aholisi ushbu muhim sanani birgalikda nishonlashga chaqirilgan.
Mazkur tarixiy qaror O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan qabul qilindi. Hujjatda O‘zbekistonning 35-yil davomida o‘z suverenitetini mustahkamlab, boy madaniy merosini asrab-avaylash, tinchlik, farovonlik va milliy taraqqiyot yo‘lida izchil rivojlanib kelayotgani alohida qayd etilgan.
Proklamatsiyada, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi faolligi hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Oregon rahbariyati O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar savdo, investitsiyalar, texnologiyalar, ta’lim, toza energetika, turizm va xalqlararo almashinuvlar orqali tobora kengayib borayotganini ham e’tirof etgan.
Oregon gubernatorining ushbu qarori O‘zbekiston Mustaqilligi kunining AQSHning butun bir shtati miqyosida rasman e’tirof etilishi bo‘lib, mamlakatimizning xalqaro nufuzi yuksalayotgani, AQSH–O‘zbekiston munosabatlari esa federal daraja bilan bir qatorda shtatlar kesimida ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

