AQSH poytaxti meri 1-sentyabrni O‘zbekiston Mustaqilligi kuni deb e’lon qildi
Avgust 30, 2026. 11:02 • 2 daq
• 77
VASHINGTON, 30-avgust. / “Dunyo” AA/. Vashington meri Myuriel Bauzer mamlakat mustaqilligining 35-yilligi sharafiga 2026-yil 1-sentyabrni rasman “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu qaror nafaqat O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy ahamiyatini e’tirof etish, balki mustahkamlanib borayotgan o‘zbek-amerika munosabatlarining, shuningdek, AQSH poytaxti hayotida o‘zbek jamoasining muhim o‘rni tan olinishining yorqin dalili bo‘ldi.
Vashington meri o‘z deklaratsiyasida O‘zbekiston Mustaqilligi kunining ahamiyatini ta’kidlab, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini qayd etdi.
Hujjatda, xususan, “O‘zbekiston o‘z mustaqilligi e’lon qilinganining 35-yilligini nishonlamoqda. Har yili 1-sentyabr kuni nishonlanadigan ushbu sana o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, erishgan yuksak yutuqlari, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi ortib borayotgan obro‘-e’tiborini e’tirof etish kuni sifatida alohida ahamiyatga ega”, - deb qayd etilgan.
“Butun dunyodagi o‘zbek jamoalari bilan birgalikda O‘zbekiston Mustaqilligi kunini nishonlar ekanmiz, xalqlarimizni birlashtirib turgan mustahkam do‘stlik, hamkorlik va mushtarak ezgu maqsadlarni yuqori baholaymiz, — deyiladi hujjatda. — Shu munosabat bilan 2026-yil 1-sentyabr Vashingtonda (Kolumbiya okrugi) “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qilinadi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi