Nyamtayshirin Nomtoybayar: Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik yangi bosqichga chiqmoqda
Avgust 30, 2026. 10:30 • 3 daq
• 100
ULAN-BATOR, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. Mo‘g‘uliston Davlat Buyuk Xurali aʼzosi (parlament deputati), Bosh vazir o‘rinbosari, Mo‘g‘uliston–O‘zbekiston hukumatlararo hamkorlik komissiyasi hamraisi Nyamtayshirin Nomtoybayar mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakat xalqini chin ko‘ngildan muborakbod etaman.
Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston xalqlari qadimdan umumiy tarix va madaniy meros bilan bog‘langan xalqlar sanaladi. Ko‘p asrlar davomida elimizni tarixiy rishtalar, umumiy sivilizatsion meros, o‘zaro hurmat, ishonch va do‘stlik anʼanalari bog‘lab kelmoqda.
Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning mustaqilligini 1991 yil 19 dekabrda tan olgan, 1992 yil 25 yanvar kuni esa mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Yurtimizning davlatingiz bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan dastlabki beshta davlatdan biri bo‘lgani munosabatlarimiz rivojida muhim ahamiyatga egadir.
So‘nggi yillarda davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari sharofati bilan ikki xalq munosabatlari tarixan yangi bosqichga ko‘tarildi. Keng qamrovli sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, birgalikda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 2024-yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan bordi. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev esa 2025-yil iyun oyida Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi bilan keldi. Bu tashriflar diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon rahbarlar darajasidagi ilk davlat tashriflari bo‘ldi.
Hukumatlararo komissiyaning Mo‘g‘uliston qismi hamraisi sifatida davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatidamiz.
Mamlakatlarimiz savdo, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, transport va logistika, sanoat, raqamli rivojlanish va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarga ega. Ushbu imkoniyatlarni aniq dastur va loyihalar orqali amalga oshirish har ikki tarafning ham maqsadi hisoblanadi.
Ishonchim komilki, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi birodarlik rishtalari avloddan-avlodga mustahkamlanib, keng qamrovli sheriklik munosabatlari davlatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilib, sezilarli amaliy natijalar beradi.
O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklayman. Mamlakat xalqiga tinchlik va xotirjamlik, oilalarga baxtu saodat, farovonlik tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi