Ozarbayjon Prezidenti davlat tashrifi bilan 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi
Avgust 21, 2026. 19:45 • 2 daq
• 8
TOSHKENT, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 23–24-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiyani chuqurlashtirish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.
Muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash hamda qator iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joizki, ayni kunlarda O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumi hamda boshqa qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi