Xitoydan tabriklar: Bugun O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni izchil rivojlantirmoqda

Avgust 21, 2026. 17:00 • 3 daq

104
Xitoydan tabriklar: Bugun O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni izchil rivojlantirmoqda

PEKIN, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida Xitoyda yashayotgan vatandoshlar “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zlarining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

Jamshid Sulaymonov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Xitoydagi vakili:

– Bu yil mustaqilligimizning 35 yilligini keng nishonlaymiz. Ushbu qutlug‘ bayram bilan barcha yurtdoshlarimizni chin ko‘ngildan qutlayman.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz barcha sohada ulkan yutuqlarga erishdi. Xususan, oxirgi 10 yil ichida Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Ushbu islohotlarning natijasini yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligining oshishida ko‘ryapmiz.

Mamlakatimizga xorijiy investitsiyalar hajmi tobora oshib bormoqda, “yashil” energetika rivojlanmoqda, ko‘plab yangi va zamonaviy zavod va fabrikalar barpo etilmoqda.

Hozirda O‘zbekiston dunyoning barcha davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirmoqda.

O‘zbekistonning Xitoy bilan hamkorlik aloqalari barcha sohalarni qamrab olgan. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bo‘yicha Xitoy yurtimizning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida sunʼiy intellekt, kosmonavtika, texnologiyalar, “yashil” energetika va boshqa yo‘nalishlardagi aloqalar rivojlanib bormoqda. Yaqinda Xitoyning kosmik agentligi bilan hamkorlikda “Samarqand 2028” sunʼiy yo‘ldoshining koinotga uchirilishi ham bunga yaqqol misoldir.

Davlatimiz tomonidan yoshlarga va sportni rivojlantirishga bo‘lgan eʼtibor natijasida yurtimizdan yangi chempionlar yetishib chiqyapti. Boks, shaxmat, futbol va sportning boshqa yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishdik. O‘zbekiston bayrog‘ining dunyo miqyosida baland hilpirashi bizga faxr va g‘urur tuyg‘usini his qilish imkonini bermoqda.

Vatanimizning 35 yillik mustaqillik bayrami arafasida “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu men uchun juda katta g‘urur va masʼuliyatdir.

Albatta, bunday eʼtibor menga yana-da ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashga, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm va madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta kuch beradi.

Yana bir bor Istiqlol ayyomi bilan barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Biloliddin Vahobov, Xitoyda faoliyat yuritayotgan tadbirkor:

– Xalqimizni O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin yurakdan tabriklayman.

Men Xitoyning nufuzli oliygohlaridan biri – Sinxua universitetida sanoat muhandisligi bo‘yicha o‘qishni tamomlab, o‘z kompaniyamga asos soldim.

Kompaniyamiz Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Biz Xitoyning yetakchi texnologiyalarini mamlakatimizga eksport qilish bilan shug‘ullanamiz.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurayotgan delegatsiyalar va tadbirkorlarning Xitoy bozoriga kirishiga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz.

Biz xorijda bo‘lishimizga qaramay, o‘z Vatanimizni doim sog‘inamiz va uning rivoji uchun hissa qo‘shishga tayyormiz.

Yurtimizda bugungi kunda jadal surʼatlarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi yana-da ortib bormoqda. Biz xitoylik sheriklarimiz bilan muloqotlar davomida buni doim his qilamiz.

Davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlar yetarli. Biz shu imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilayapmiz.

Laziza Yusupjanova, Janubiy Xitoy texnologiyalar universiteti talabasi:

– Barcha vatandoshlarimizni Istiqlolimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Mustaqillik shodiyonasi barchamiz uchun qadrli va tarixiy kundir. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz ko‘p yutuqlarga erishdi. Davlatimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari hamda o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.

Bugun o‘zbek yoshlarini butun dunyo tanimoqda. Ular qaysi sohada faoliyat yuritmasin, yuqori cho‘qqilarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Bunday yutuqlar bardavom bo‘lishini Yaratgandan tilab qolaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish