Armaniston Tashqi ishlar vazirligi yangi nom oladi
Avgust 21, 2026. 17:30 • 2 daq
• 49
EREVAN, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Tashqi ishlar va xalqaro savdo vazirligi deb qayta nomlanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Yerevan Today” portaliga tayanib.
Bu haqda Bosh vazir Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida maʼlum qildi. U nomning o‘zgarishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarga eʼtiborni kuchaytirish zaruratini aks ettirishini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda idora ishining katta qismi ziddiyatli kun tartibiga qaratilgan edi.
“Tashqi ishlar vazirligi faoliyatining 75–80 foizi, mubolag‘a qilmasam, mojaro yoki ziddiyatli kun tartibidan kelib chiqadigan harakatlar va faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan”, – dedi hukumat rahbari.
Idoraning yangi nomi hukumatning iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish rejalariga muvofiq ko‘rib chiqilmoqda.
Hukumatning 2026–2031-yillarga mo‘ljallangan dasturiga ko‘ra, Armaniston Ozarbayjon va Turkiya bilan munosabatlarni barqarorlashtirishni davom ettirish niyatida. Yerevan Boku bilan chegarani delimitatsiya qilishni yakunlash, tinchlik shartnomasini imzolash hamda ikki mamlakat ishbilarmon va jamoatchilik doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Turkiya bilan munosabatlarda hukumat diplomatik aloqalar o‘rnatish va quruqlikdagi chegarani, jumladan, kamida ikkita zamonaviy o‘tkazish punkti tashkil etish orqali ochish niyatida ekanini bildirmoqda. Shuningdek, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Dasturga ko‘ra, Armanistonning tashqi siyosati “muvozanatli va muvozanatlovchi” siyosatga asoslanadi. Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya va Eron bilan munosabatlar asosiy ustuvor yo‘nalishlar qatorida sanab o‘tilgan.
“RIA Novosti” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi