O‘zbekiston Prezidenti bir guruh tadbirkorlarga davlat mukofotlarini topshirdi
Avgust 18, 2026. 16:50 • 2 daq
• 46
TOSHKENT, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining farmoniga muvofiq, mamlakatimiz taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini taʼminlash, investitsiyalar jalb qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlarni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shuningdek, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash, tadbirkorlik sohasida ilg‘or tajriba va anʼanalar maktabini yaratish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etishda ibrat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugun mazkur mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni “Tadbirkorlar kuni” bilan samimiy tabrikladi.
Qayd etilganidek, yurtimiz ishbilarmonlari yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z tashabbusi, bilim va tajribasi bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida salmoqli natijalarga erishmoqda.
Ular tomonidan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilib, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish kengaytirilmoqda, zamonaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, aholi uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari yaratilmoqda.
Ayniqsa, o‘z sohasida ilg‘or tajriba va anʼanalarni shakllantirayotgan, izlanuvchanligi, kreativ g‘oya va tashabbuslari bilan biznesga innovatsion texnologiyalarni olib kirayotgan tadbirkorlar safi kengayib borayotgani eʼtirof etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllangan ezgu anʼanaga muvofiq, har yili ilg‘or tadbirkorlar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Joriy yil ham nomzodlarni tanlashda ishlab chiqarish va eksportni ko‘paytirish, investitsiya jalb qilish, aholi bandligi va farovonligini taʼminlash, shuningdek, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishda aniq natija ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Marosimda davlatimiz rahbari davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Taqdirlanganlar tadbirkorlikni doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va ularning mehnatiga ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi