Ollohshukur Poshshozoda: O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilaman va uning har bir yutug‘idan chin dildan quvonaman

Sentabr 01, 2026. 17:30 • 3 daq

32
Ollohshukur Poshshozoda: O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilaman va uning har bir yutug‘idan chin dildan quvonaman

BOKU, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami munosabati bilan “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Qardosh O‘zbekiston xalqini istiqlol ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, taraqqiyot va yangi yutuqlar uchun Alloh taolodan xayrli duolar so‘rayman.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ulug‘vor tarixiy yo‘lni bosib o‘tib, mard va olijanob o‘zbek xalqining mustahkam irodasi tufayli yuksak yutuqlarga erishdi. Bugun mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarda katta taraqqiyotga erishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilib, uni hamisha qalbimda asrab kelayotgan inson sifatida qardosh o‘zbek xalqining yutuqlaridan chin dildan quvonaman. O‘zbekiston rivoji va farovonligi yo‘lida bor kuch-quvvatini ayamay kelayotgan fidokor rahbar – Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining beqiyos mehnatlarini alohida eʼtirof etaman.

O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakat so‘nggi o‘n yil davomida Uchinchi Renessans davrini boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston bugun davlat rahbarining yuksak siyosiy tafakkuri va saʼy-harakatlari tufayli islom olamida yorqin nur sochayotgan madaniy-maʼnaviy markazga aylandi.

Ushbu zahmatlarning yorqin namunasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazini butun dunyo musulmonlariga taqdim etilgan bebaho tuhfa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek mutafakkirlarining qimmatli ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish O‘zbekiston zaminining asrlar davomida shakllanib kelgan maʼrifat va irfon markazi maqomini yana bir bor ifodalaydi.

O‘zbekiston yetakchisi bilan har bir uchrashuv va muloqot men uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘rsatayotgan yuksak eʼtibori uchun cheksiz minnatdorlik bildiraman. Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “El-yurt hurmati” ordenining topshirilishi menda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi va bundan benihoya faxrlanaman.

Mustaqil O‘zbekiston bilan barcha sohalarda aloqalarimizni yana-da kengaytirish xalqlarimiz uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qaror topgan mustahkam qardoshlik munosabatlari, o‘zaro tashkil etilayotgan uchrashuvlar alohida qadr-qimmatga ega bo‘lib, bizga maʼnaviy kuch bag‘ishlaydi.

Davlat rahbarlarimizning saʼy-harakatlari va oqilona siyosati tufayli Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda kengayib, qardoshligimiz ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi. Bu mamlakatning har bir yutug‘idan behad quvonaman va uning doimo yuksak cho‘qqilarni zabt etishi uchun duolar qilaman.

O‘zbekistonda oliy diniy taʼlim olib, Ozarbayjon va Kavkazda Shayxulislomlik maqomiga ko‘tarilgan inson sifatida Ozarbayjon va O‘zbekistonning milliy-maʼnaviy qadriyatlari hamda tarixiy merosimizga berilayotgan eʼtiborni yuksak qadrlayman.

Dunyoda kechayotgan murakkab davrda qardosh xalqlarimiz o‘zlarining tarixiy-maʼnaviy meroslariga suyangan holda munosib kelajak qurish yo‘lida ishonch bilan odimlamoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida munosabatlarimizning yana-da kengayishi Alloh taoloning bizga ko‘rsatayotgan lutfu karamidir.

Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va qayta tiklash ishlari, diniy-maʼnaviy merosni qayta tiklash jarayoniga turkiy davlatlar orasida birinchi bo‘lib o‘z ezgu tuhfalarini taqdim etgan O‘zbekiston xalqi va davlat rahbariga chin qalbimizdan minnatdorlik bildiramiz.

Yana bir bor O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qardosh o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Alloh taolo O‘zining ulug‘ rahmati va karamidan barchamizni bahramand etsin. Ezgu orzu-niyatlar va xayrli maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishida Alloh madadkor bo‘lsin. Omin!

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish