Misr matbuoti: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda yangi loyiha va tashabbuslar amalga oshirilmoqda

Avgust 05, 2026. 11:30 • 3 daq

11
Misr matbuoti: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda yangi loyiha va tashabbuslar amalga oshirilmoqda
Misr matbuoti: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda yangi loyiha va tashabbuslar amalga oshirilmoqda

QOHIRA, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Misrning “El Dameer” va “Al-Khabar Al-Youm” axborot agentliklarida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanishiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda yozilishicha, madaniyat xalqlarni yaqinlashtiradigan, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlaydigan eng samarali vositalardan biri hisoblanadi. U har bir millatning tarixi, maʼnaviy qiyofasi, qadriyatlari va ijodiy salohiyatini namoyon etuvchi muhim omil sifatida xalqaro munosabatlarga yangi mazmun bag‘ishlamoqda.

O‘zbekistonning ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida mamlakatning xalqaro madaniy aloqalari so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengaydi. Madaniy diplomatiya davlat tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib, O‘zbekistonning jahon madaniy makonidagi nufuzini yana-da oshirishga xizmat qilmoqda.

Mualliflar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, bu yo‘nalishdagi aloqalar madaniyat, taʼlim, akademik almashinuv va tarixiy-madaniy merosni asrash sohalarini qamrab olganini qayd etadilar. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining muhim tarkibiy qismiga aylangan.

Materiallarda 2017 yildan boshlab O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy almashinuv dasturlari yangi bosqichga ko‘tarilgani taʼkidlangan. Toshkentda amerikalik dirijyorlar, musiqachilar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida tashkil etilgan konsertlar, mahorat darslari hamda taʼlim loyihalari ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasidagi kasbiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilgan.

Shuningdek, AQSHning “Gina Chavez” guruhi Samarqandda o‘tkazilgan XI “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etgani madaniy aloqalarning muhim voqealaridan biri sifatida keltirilgan. Amerikalik sanʼatkorlarning keyinchalik O‘zbekistondagi xalqaro jaz festivallarida qatnashishi ikki tomonlama madaniy muloqotning barqaror tus olganini ko‘rsatgan.

Maqolalarda madaniy hamkorlik bugungi kunda faqat konsert va festivallar bilan cheklanib qolmay, balki restavratsiya, milliy hunarmandchilik, raqs, maqom sanʼati, kino, turizm va kreativ industriyalar kabi keng yo‘nalishlarni ham qamrab olayotgani taʼkidlangan.

Mualliflar AQSH tomonining O‘zbekiston madaniy merosini asrashga qo‘shayotgan hissasini ham alohida qayd etganlar. Xususan, 2019 yilda AQSH hukumati tomonidan Xivadagi Toshhovli saroyini restavratsiya qilish uchun ajratilgan grant madaniy meros sohasidagi amaliy hamkorlikning yorqin namunasi sifatida keltirilgan.

Nashrlarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH madaniyat vazirlarining uchrashuvi ham muhim qadam sifatida baholangan. Unda kreativ industriyalar, raqamli madaniy tashabbuslar, kino, teatr, adabiyot va musiqa sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish