Abdusamat Haydarov: Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining diplomatik ta’lim tizimini shakllantirdi

Sentabr 29, 2026. 19:32 • 8 daq

• 12
Abdusamat Haydarov: Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining diplomatik ta’lim tizimini shakllantirdi

TOSHKENT, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston TIV huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Diplomatik akademiyasi direktori, professor Abdusamat Haydarov o‘zining diplomatik va ilmiy boy tajribasidan kelib chiqib, mamlakatimizga nima uchun xalqaro tahlilning milliy maktabi zarurligi hamda kelajak diplomatiyasini qanday bilimlar belgilab berishi haqida fikr bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosati sezilarli darajada faollashdi. Xalqaro aloqalarimiz kengaymoqda, iqtisodiy diplomatiyaning, texnologiyalar, transport va investitsiya loyihalarining ahamiyati ortib bormoqda. Shunday bir sharoitda diplomatga qo‘yiladigan talablar qanchalik o‘zgardi?

– Sohada juda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Davlat strategiyasini dip­lomatlar, xalqaro huquqshunoslar, iqtisodchilar, tahlilchilar, xavfsizlik masalalari bo‘yicha mutaxassislar va mintaqashunoslar hayotga tatbiq etishadi. Diplomatik xizmat sifati esa kadrlar tayyorgarligiga bevosita bog‘liq.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston diplomatik ta’limning o‘z milliy tizimini shakllantirdi. 1992-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etildi. Mamlakatimiz taraqqiyotining 2016-yildan boshlangan yangi bosqichi tashqi siyosiy muhitni ham tubdan o‘zgartirdi. O‘zbekiston yana-da ochiq va faol siyosat yurita boshladi, iqtisodiy aloqalar kengaydi, investitsiya va texnologiyalar bilan bog‘liq kun tartibining ahamiyati ortdi.

Prezidentimizning 2022-yilda qabul qilingan “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi. Unga muvofiq JIDU huzurida Diplomatik akademiya tashkil etildi.

Universitet bo‘lajak mutaxassislarga fundamental bilim va tayyorgarlik bersa, akademiya diplomatik kadrlarni, jumladan, yuqori bo‘g‘in diplomatlarini tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, diplomatik faoliyatni ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash vazifalarini bajaradi. Zero, bugungi dunyoda inson butun faoliyati davomida o‘qib-o‘rganishi zarur.

– 2026-yil 15-yanvarda Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari yangi avlod diplomatlari davri kelganini alohida ta’kidladi. Sizningcha, bu tushuncha nimani anglatadi?

– Bu, eng avvalo, ancha keng bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish degani. Diplomat xalqaro huquq va siyosatni puxta bilishi, iqtisodiyot, investitsiya, savdo, transport va logistika masalalarini tushunishi, texnologiyalar, xavfsizlik, iqlim va axborot sohalaridagi jarayonlardan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Chunki diplomatlik kasbining mazmun-mohiyati tubdan o‘zgardi.

Bugun diplomat siyosiy muloqotda ishtirok etish bilan bir qatorda, investitsiyalarni jalb etish, eksportni oshirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, ilmiy-texnologik va gumanitar aloqalarni kengaytirishga ham ko‘maklashadi.

Ayniqsa, iqtisodiy diplomatiyaning ahamiyati ortdi. Zamonaviy diplomat siyosiy qaror bilan uning amaliy natijasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘ra bilishi zarur. Erishilgan kelishuv mamlakatga qanday naf keltirishi, biznes, investitsiyalar va yangi texnologiyalar uchun qanday imkoniyatlar ochishini anglashi kerak. Yangi avlod diplomati strategik fikrlaydigan, davlatning tashqi siyosiy manfaatlarini mamlakat taraqqiyoti oldida turgan vazifalar bilan uyg‘unlashtira oladigan mutaxassis deganidir.

– Deylik, yosh diplomat Xitoyga, Yevropa mamlakatlaridan biriga yoki Fors ko‘rfazi davlatiga ishga yuborildi. Undan qanday malaka va ko‘nikmalar talab etiladi?

– U, avvalo, o‘zi faoliyat yuritadigan mamlakat iqtisodiyotini, u yerdagi ishbilarmonlik muhitini, bozor tuzilmasini, investitsiya siyosatini va biznes manfaatlarini yaxshi tushunishi lozim. O‘zbekiston korxonalari uchun qanday imkoniyatlar borligini ko‘ra bilish, istiqbolli texnologiyalarni topish va qo‘shma loyihalar samarasini baholay olish salohiyati ham muhim ahamiyatga ega.

Bugun uchrashuv tashkil etish yoki muzokaralarni tayyorlashning o‘zigina yetarli emas. Diplomat hujjat imzolangandan so‘ng nima bo‘lishini ham oldindan tasavvur qila olishi kerak. Loyihani amalga oshirishda qanday to‘siqlar paydo bo‘lishi mumkin, uning hamkori kim bo‘ladi, taklif bozorda qay darajada raqobatbardosh degan masalalar chuqur tahlil qilinishi zarur. Buning uchun kuchli tahliliy qobiliyat, iqtisodiy ma’lumotlar bilan ishlash va uzoq muddatli jarayonlarni oldindan ko‘ra bilish malakasi talab etiladi.

– Diplomatik kadrlarni tayyorlashdagi eng murakkab masala nimada deb o‘ylaysiz?

– O‘zgarishlar sur’ati. Xalqaro munosabatlar tobora murakkablashib boryapti. Yangi kuch markazlari paydo bo‘lyapti, iqtisodiy aloqalar qayta shakllanyapti, texnologiya va axborot bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar yuzaga kelyapti. Iqlim muammolari ham xalqaro kun tartibiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatyapti.

Diplomatik ta’lim ana shu jarayonlarga o‘z vaqtida javob bera olishi kerak. Buning uchun tahliliy va til tayyorgarligi, iqtisodiy bilimlar, raqamli vositalardan foydalanish hamda katta hajmdagi axborot bilan ishlay olish ko‘nikmalariga alohida e’tibor talab etiladi.

Diplomatiyani faqat darslik orqali o‘rganib bo‘lmaydi. Bo‘lajak mutaxassis qarorlar qanday qabul qilinishi, muzokaralar qanday tayyorlanishi, xavf-xatarlar qanday baholanishi va tomonlar manfaatlari qay tarzda hisobga olinishini tushunishi kerak. Shuning uchun ta’lim, ilm-fan va diplomatik amaliyotni bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda rivojlantirishga harakat qilyapmiz.

– Davlat diplomatik ta’lim va xalqaro tadqiqotlar bilan bog‘liq milliy maktabga ega bo‘lmay turib, samarali tashqi siyosat yurita oladimi?

– Bu juda mushkul masala. Ta’lim kasbiy kompetensiyalarni shakllantiradi, ilm-fan esa ana shu kompetensiya­lar tayanadigan bilimlarni yaratadi, tizimlashtiradi va muntazam yangilab boradi. Biz xalqaro jarayonlar, mintaqaviy o‘zgarishlar, jahon tizimidagi transformatsiyalar va diplomatiyaning yangi shakllarini mustaqil ravishda o‘rganishimiz zarur. Bunday ilmiy tadqiqotlar davlatga xavf-xatar va imkoniyatlarni o‘z vaqtida aniqlash, tashqi siyosiy qarorlar uchun mustahkam professional asos yaratishga xizmat qilishi kerak.

Milliy diplomatiya maktabi kadrlar, ta’lim, ilm-fan, amaliyot, tarixiy tajriba va o‘z intellektual an’analarimiz uyg‘unligida shakllanadi.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston tashqi siyosat va diplomatik faoliyat borasida salmoqli tajriba to‘pladi. Endi bu tajribani tizimlashtirish, chuqur anglash va keyingi avlodlarga yetkazish kerak. So‘nggi yillarda JIDU va Diplomatik akademiyada ilmiy tadqiqotlar, darsliklar va monografiyalar tayyorlash ishlari faollashdi. “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi”, “O‘zbekiston va BMT”, “Markaziy Osiyo global siyosatda” kabi asarlar shular jumlasidan.

– Mustaqilligimizning 35-yilligi munosabati bilan “Izohli diplomatik lug‘at” hamda “Diplomatiya: sarchashmalardan zamonaviy davrgacha” monografiyasi tayyorlandi. Ularning ahamiyati nimada?

– Bu nashrlar turli, ammo o‘zaro bog‘liq vazifalarni bajaradi. Lug‘at kasbning professional tilini shakllantirsa, monografiya diplomatiyaning tarixi, nazariyasi va bugungi mazmun-mohiyatini ochib beradi.

Kasbiy madaniyat, eng avvalo, tushunchalarning aniqligidan boshlanadi. Diplomat doimo xalqaro huquq, muzokara jarayoni, protokol, xavfsizlik va tashqi iqtisodiy munosabatlarga oid atamalar bilan ishlaydi. “Izohli diplomatik lug‘at” O‘zbekistonda shu yo‘nalishda yaratilgan ilk ixtisoslashgan nashrdir. U talabalar, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun mo‘ljallangan.

Monografiya esa diplomatiyaning dastlabki ko‘rinishlaridan tortib zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimigacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini kuzatish imkonini beradi. Uning birinchi qismi an’anaviy diplomatiya tarixi va evolyutsiyasiga, ikkinchi qismi esa iqtisodiy diplomatiyaga bag‘ishlangan.

Bunday tuzilish diplomat kasbining o‘zida kechayotgan o‘zgarishlarni ham aks ettiradi. Bugun savdo-sotiq, investitsiyalar, eksport, texnologiyalar, energetika, transport va yangi bozorlarga chiqish davlat xalqaro faoliyatining eng muhim yo‘nalishlariga aylandi. Tashqi iqtisodiy aloqalarini jadal kengaytirayotgan O‘zbekiston uchun bu masalalar, ayniqsa, dolzarb.

– Sun’iy intellekt va raqamli tahlil diplomatik faoliyatni qanchalik o‘zgartiryapti, deb o‘ylaysiz?

– Zamonaviy vositalar axborotni izlash va qayta ishlash jarayonini tezlashtiradi, katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zaro solishtirish, tendensiyalarni kuzatish va tahliliy materiallar tayyorlashga yordam beradi. Biroq siyosiy vaziyatni to‘g‘ri anglash, hamkor tomonning pozitsiyasini tushunish, ehtimoliy murosani baholash va qarorlarning uzoq muddatli oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish inson tafakkuri va mulohazasini talab qiladi. Qaror qabul qilish mas’uliyati baribir inson zimmasida qoladi.

Bo‘lajak diplomatni texnologiyalardan professional va tanqidiy yondashuv asosida foydalanishga, axborotni tekshirishga va raqamli vositalarning imkoniyat hamda cheklovlarini to‘g‘ri anglashga o‘rgatish zarur. Sun’iy intellekt mutaxassis imkoniyatlarini kengaytiradi, ammo diplomatiya saviyasi har doim inson tafakkuri sifati bilan belgilanadi.

– O‘z diplomatiya maktabimizni shakllantirishda jahon tajribasiga qanchalik tayanyapmiz?

– JIDU va Diplomatik akademiya xorijiy universitetlar, diplomatik akademiyalar va tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ular orasida Glazgo universiteti, Sukuba universiteti, Hindiston, Italiya, Turkiya, O‘mon va boshqa mamlakatlarning ixtisoslashgan muassasalari bor. Hamkorlik qo‘shma tadqiqotlar, ta’lim dasturlari, o‘qituvchi va ekspertlar almashinuvi, ilmiy anjumanlar va nashrlarni qamrab oladi.

Xalqaro aloqalar turli yondashuvlarni qiyoslash, o‘z tizimimizning kuchli va zaif jihatlarini aniqlash, eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, dunyoga ochiqlik intellektual mustaqillikni ham talab qiladi. Ya’ni global jarayonlarni milliy manfaatlarimiz va mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda baholay bilishimiz zarur.

– Bir necha yildan keyingi o‘zbek diplomatini qanday tasavvur qilasiz?

– Uni keng strategik tafakkurga ega inson o‘laroq ko‘raman. Chunki kelajakda siyosat iqtisodiyot, texnologiyalar, iqlim, energetika va axborot xavfsizligi masalalari bilan yanada chambarchas bog‘lanadi. Mutaxassislarimizga fundamental bilim, milliy manfaatlarni chuqur anglash, xorijiy tillarni bilish, zamonaviy tahliliy vositalardan foydalana olish va qabul qilinayotgan qarorlarning yillar davomida qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan ko‘ra bilish qobiliyati zarur bo‘ladi.

Yana shunday fazilatlar borki, ularning qadri vaqt o‘tishi bilan kamaymaydi. Bular kasbiy madaniyat, mas’uliyat, aniq so‘z, tinglay bilish, suhbatdoshni tushunish va muzokara olib borish mahoratidir. Texnologiyalar ham, diplomatiyaning shakllari ham o‘zgarib boradi. Ammo o‘z mamlakatining manfaatlarini chuqur anglash va ularni tashqi dunyoda professional tarzda ifoda eta bilish hamisha kasbimizning asosi bo‘lib qolaveradi.

Agar fundamental ta’lim, uzluksiz kasbiy rivojlanish, ilm-fan, xalqaro tajriba va o‘z diplomatik an’analarimizni bir butun tizimga uyg‘unlashtira olsak, O‘zbekiston hozir shakllanayotgan yangi dunyo uchun munosib mutaxassislar tayyorlay oladigan kuchli diplomatiya maktabiga ega bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish