O‘zbekiston va Misr agrar sohasi vakillarining yirik B2B formatdagi uchrashuvi o‘tkazildi
Sentabr 29, 2026. 18:00 • 2 daq
• 36QOHIRA, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz delegatsiyasining Misrga tashrifi doirasida Qohira shahrida ikki davlat qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ishtirokida keng ko‘lamli B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda 400 nafardan ortiq ishtirokchi, xususan, hukumat rasmiylari, Savdo-sanoat palatasi vakillari, tadbirkorlar, fermerlar, chorvadorlar, blogerlar hamda 200 nafardan ortiq xorijiy soha vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston tomonidan 410 ming gektardan ziyod yer maydonlariga ega fermer va chorvadorlar ishtirok etib, hududlar kesimida biznes aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, chorvachilik va ozuqa bazasini rivojlantirish, ilg‘or agrotexnologiyalardan foydalanish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilarga yurtimizda yetishtirilayotgan mahsulotlar turi, qishloq xo‘jaligi salohiyati va eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Mazkur B2B formatidagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq va suv xo‘jaligi, ilmiy-tadqiqot va xususiy sektor sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish hamda yangi qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



