Afg‘onistondagi suv toshqinlarida 20 kishi halok bo‘ldi, yuzdan ortiq odam bedarak yo‘qoldi
Iyul 21, 2026. 11:00 • 2 daq
• 187
QOBUL, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonda 20-iyul kuni kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sodir bo‘lgan suv toshqinlari natijasida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.
“Tolibon” hukumatining maʼlum qilishicha, tabiiy ofat tufayli 100 nafardan ortiq odam bedarak yo‘qolgan. Suv toshqinlaridan eng ko‘p Nuriston viloyati markazi Parun zarar ko‘rgan. Yo‘qolganlar orasida shahar meri ham bor. Shu bilan birga, 80 nafardan ortiq kishi jarohatlangan.
“Tolibon” rasmiylarining taʼkidlashicha, ushbu ofat jiddiy moliyaviy va insoniy yo‘qotishlar sabab bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab uylar, do‘konlar, munitsipal binolarning vayron bo‘lgan kadrlari eʼlon qilinmoqda.
Afg‘oniston iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar, jumladan, bo‘ronlar va qurg‘oqchilikning ekstremal taʼsiriga eng zaif davlatlar qatoriga kiradi.
Kuchli yomg‘irlar va toshqin xavfi davom etishi qayd etilgan. “Tolibon” meteorologiya boshqarmasi 22-iyulga qadar mamlakatning 34 viloyatidan 10 tasida kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari davom etishi haqida ogohlantirdi. Rasmiylar aholiga daryo qirg‘oqlari va suv toshqini xavfi bo‘lgan hududlarga yaqinlashmaslikni maslahat bermoqda.
Shu yil aprel oyida Afg‘oniston shimolida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlarida kamida 150 kishi halok bo‘lgandi. Jahon oziq-ovqat dasturi esa qurbonlar soni 300 nafardan ortiq ekanini maʼlum qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi