O‘zbekiston va Turkiya: Umumiy tarixdan mushtarak kelajak sari
Yanvar 28, 2026. 09:00 • 6 daq
• 120
ANQARA, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik aloqalari, o‘zaro sherikchilik va birodarlik munosabatlari xususida fikr bildirdi:
– Turkiya uchun O‘zbekiston bilan munosabatlar chuqur, uzoq muddatli va strategik poydevorga asoslangan. Yakdillik, o‘zaro anglashuv va har ikki xalqqa xos davlatchilik tajribasi-axloqi bilan rivojlangan bu munosabatlar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi.
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar diplomatik aloqalar yoki dolzarb hamkorlik mavzulari bilangina chekli emas. Ikki davlatni umumiy til, mushtarak madaniyat va teran tarixiy tamaddun muloqoti birlashtirib turadi. Asrlar davomida ayni havzada gullab-yashnagan bu birodarlik ruhi bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning eng mustahkam poydevorini tashkil etadi.
Anadoluning O‘zbekiston, xususan, ushbu zamindagi Samarqand va Buxoro kabi marvaridlar bilan bo‘lgan maʼnaviy rishtasi ikki mamlakat aloqalariga o‘zgacha ruh va teranlik bag‘ishlaydi. Bu bog‘ nafaqat umumiy o‘tmishning ifodasi, balki hozirgi munosabatlarni mazmunan to‘ldiruvchi muhim omil, umumiy istiqbolni shakllantiruvchi jonli tarixiy merosdir. Umumiy qarashlar, o‘xshash ijtimoiy qadriyatlar va mushtarak tarixiy ong ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqori darajaga chiqishini taʼminlaydi.
O‘tmishdan bugungacha davom etib kelayotgan bu kuchli rishtalar Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar vaqtinchalik emasligini, ular doimiy va chuqur ildiz otganligini aniq ko‘rsatadi. Bu birodarlik shunchaki xotiralardagi tarix emas: u bugungi hamkorlikni oziqlantiruvchi, umumiy qarashlarni mustahkamlovchi omil o‘laroq mavjud.
Bu mustahkam tarixiy poydevor ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kundan-kunga rivojlantirishga imkon beradi.
O‘zbekistondagi so‘nggi to‘qqiz yil mamlakatning taraqqiyot yo‘nalishini shakllantirgan yangi islohotlar davri bo‘ldi va bu jarayon davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi bu harakat yuzaki o‘zgarishlar emas, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng qamrovli va ko‘p qirrali safarbarlik sifatida ajralib turadi. Ushbu yangilanish hayotning barcha jabhalarida, iqtisodiy ko‘rsatkichlardan to ijtimoiy tizimgacha, davlatchilik anʼanalarini mustahkamlashdan tortib, fuqarolar bilan munosabatlargacha aniq aks etmoqda.
Amalga oshirilgan islohotlarning asosiy xususiyati – inson qadiriga ustivorlik berish va jamiyatni mustahkamlash tushunchasiga asoslangan. Iqtisodiyotda qo‘yilgan dadil qadamlar, investitsiya muhitini yaxshilash va dunyoga ochilish istagi yangi O‘zbekistonni yanada ochiq, yanada ishonchli va yanada jozibador mamlakatga aylantirayotir. Bu islohotlar jamoatchilikning davlatga bo‘lgan ishonchini oshirish barobarida, oddiy insonlarning kelajakka umidlarni mustahkamlamoqda.
“Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi shunchaki belgilangan maqsad emas. Bu g‘oya davlat institutlarining samaradorligini oshirishni, boshqaruvga shaffof prinsiplarini keng jalb etishni, islohotlar bilan har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borishni maqsad qilgan. Bu g‘oyaning tafsilotlariga qadar puxta o‘ylangan ravon yo‘l xaritasi, uning ijrosini sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan Rahbari bor.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonni ko‘p ziyorat qilgan shaxs sifatida ayta olamanki, joylardagi islohotlarning taʼsiri shaharlarning rivojlanishida, davlat sektorining faoliyatida, biznes olamining dinamizmida va eng muhimi, jamoatchilikning kelajakka bo‘lgan qarashlarida yaqqol sezilmoqda. Har bir tashrifimda yanada tartibli, yana-da rivojlangan va yanada kuchliroq O‘zbekistonga duch kelaman. Bu o‘zgarishlar nafaqat infratuzilmaviy imkoniyatlarda, balki jamiyatning umumiy kayfiyatida va kelajakka bo‘lgan umidlarida ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Islohotlarning eng yuqori darajada qatʼiyat bilan amalga oshirilayotgani – bu muvaffaqiyatning eng muhim sababidir.
Yana bir jihat. Prezident Shavkata Mirziyoyevning islohotchilik kayfiyati O‘zbekistonning o‘zi bilan chekli qolayotgani yo‘q. Ushbu islohotlarning uzluksizligi nafaqat mamlakat ichidagi taraqqiyot, balki butun mintaqadagi barqarorlik va umumiy rivojlanish tendensiyasiga asos bo‘lmoqda. Bu esa, mamlakatning mintaqaviy rolini mustahkamlash barobarida, uning turkiy dunyoda yanada faol, konstruktiv ishtirokchi va yetakchi mavqega ega bo‘lishi uchun zamin yaratmoqda. Yaʼni, yangi O‘zbekiston nafaqat o‘z porloq istiqbolini insho etayotgan, balki umumiy mintaqaviy farovonlikka munosib hissa qo‘shayotgan davlat o‘laroq alohida ajralib turadi.
O‘zbekistondagi islohotlar jarayonining eng o‘ziga xos jihatlaridan biri inson markazli davlatchilik yondashuvidir. Bu yondashuv islohotlarning markazda shakllantirilishi bilan birga, jamiyatning eng quyi qatlamlariga – oddiy isnonlagacha yetib borishini taʼminlashni maqsad qilgan. 2026-yilda mamlakatda belgilangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” fikri kuchli davlat va kuchli jamiyat o‘rtasida sog‘lom hamjihatlikni o‘rnatishda muhim qadam sifatida ajralib turadi.
O‘zbekistonda mahalla shunchaki turar-joy hududi emas. Mahalla – birdamlik, ahillik va ijtimoiy hamjihatlik markazidir. Ushbu tuzilmani mustahkamlash islohotlarning joylarda o‘z aksini topishiga va fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita taʼsir ko‘rsatishiga imkon beradi. Mahallaga asoslangan yondashuv davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi, islohotlarning doimiyligini kafolatlaydi.
Mahalla haqida gap ketganda O‘zbekistonda oqsoqollarning roli va ularga qaratiladigan alohida eʼtibor haqida to‘xtalib o‘tish zarur. O‘zbek jamiyatida oqsoqollar teran tajriba, sog‘lom fikr va ahillik timsolini ifodalaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi yilga berilgan nom va qabul qilinayotgan dastur oqsoqollarni ijtimoiy hayotning faol unsurlari o‘laroq jamiyat hayotida keng ishtirok etishga chorlaydi. Bu tushuncha ijtimoiy muammolarni va ehtimoliy xavflarni bartaraf etishda maslahatlashuv, tajriba va sog‘lom fikrga ustuvor ahamiyat beradigan boshqaruv modelini aks ettiradi.
O‘zbekistonning inson qadrini ulug‘lashga asoslangan davlatchilik modeli modernizatsiya va anʼanalar bir-biriga zid kelmasligini, aksincha to‘g‘ri tadbiq qilinganda ular bir-birini mustahkamlaydigan muhim manba ekanini yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Bunga ko‘ra, islohotlarni milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlikda amalga oshirish jamiyat tomonidan o‘zgarishlarni qabul qilishni osonlashtiradi va transformatsiya jarayoniga kuchli turtki beradi.
Bu yondashuv nafaqat O‘zbekiston, balki turkiy dunyo uchun ham ilhomlantiruvchi namuna bo‘lib xizmat qilayotir. Ijtimoiy tizimni mustahkamlaydigan va anʼanalarni saqlab qolish bilan birga modernizatsiyaga qaratilgan bu yondashuv umumiy geografiyamizda barqarorlik va taraqqiyot uchun muhim asos hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda erishilgan yutuqlar zamirida Rahbariyat darajasida o‘rnatilgan kuchli va samimiy ishonchning roli beqiyos.
Prezidentimiz janob Rejep Tayyip Erdog‘an va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida o‘rnatilgan bu munosabatlar o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va birodarlik ruhiga asoslangan.
Rahbarlar o‘rtasidagi bu ahillik o‘zaro munosabatlarning strategik sheriklik asosida rivojlanishiga imkon berdi. Siyosiy irodaning aniqligi va uzluksizligi tufayli Turkiya–O‘zbekiston liniyasidagi hamkorlik sohalari tez surʼatlar bilan kengayib bormoqda; qabul qilingan qarorlar aniq natijalarni bermoqda. Bu ikki tomonlama munosabatlarimiz konyunkturaviy o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lmasdan doimiy va chuqur mazmunga egaligini ko‘rsatadi.
Jadal hamkorlik faqat siyosiy munosabatlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va fan kabi keng jabhalardagi almashinuv mustahkamlanmoqda. Rahbariyat darajasida namoyish etilgan iroda quyi turuvchi muassasalar va xalq tomonidan ham o‘zaro qo‘llab-quvvatlanib, hamkorlik jarayonlarining yangi qirralari ko‘payib bormoqda.
Turkiya–O‘zbekiston munosabatlarida shakllangan bu kuchli rishtalar butun turkiy dunyoni mustahkamlovchi zamin yaratadi. O‘zbekiston o‘zining tarixiy, madaniy va ijtimoiy salmog‘i tufayli turkiy dunyoda markaziy mavqega ega. Aholisi, tarixiy merosi va sivilizatsiya havzasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston turkiy dunyoning asosiy mamlakatlaridan biri sifatida ajralib turadi. Binobarin, O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tarkibidagi mavjudligi oddiy aʼzolik emas, balki Tashkilotni muvozanatlashtiruvchi, yo‘naltiruvchi va shakllantiruvchi roli bilan tavsiflanadi. O‘zbekistonning TDTdagi konstruktiv roli Tashkilot ichida amalga oshirilayotgan ishlarga barqarorlik, teranlik va mazmun bag‘ishlaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlar qatorida, Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni tezlashtirish jihatidan ham muhimdir. Umumiy qarash, o‘zaro hurmat va maslahatlashuv madaniyati Turkiy dunyoni yana-da integratsiyalashgan, samarali va nufuzli tuzilmaga aylantirishga hissa qo‘shadi.
Shu nuqtai nazardan, o‘tmishdan kuch oluvchi Turkiya–O‘zbekiston munosabatlari o‘zaro ishonch, birodarlik va turkiy dunyoning umumiy kelajagi uchun qimmatli hissa qo‘shishda davom etadi.
Bu birodarlik nafaqat o‘tmishning, balki bizning umumiy kelajagimizning ham eng muhim halqasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
