Logo

Akramjon Neʼmatov: Mintaqaviy strategiyalarning uyg‘unlashuvi Markaziy Osiyoni barqaror modernizatsiya qilishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda

Yanvar 28, 2026. 19:43 • 4 daq

85
Akramjon Neʼmatov: Mintaqaviy strategiyalarning uyg‘unlashuvi Markaziy Osiyoni barqaror modernizatsiya qilishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda

TOSHKENT, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov kecha Toshkentda o‘tkazilgan “Qozog‘istonning siyosiy modernizatsiyasi: islohotlar, jamiyat talabi va mintaqaviy kontekst” mavzusidagi davra suhbatida so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Qozog‘iston bugungi kunda sifatli rivojlanish yo‘liga izchil o‘tayotganini taʼkidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon va Rossiya diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston parlamenti, ekspert va ilmiy doiralari vakillari ishtirok etdi.

Akramjon Neʼmatovning fikricha, Qozog‘iston rahbariyati tomonidan izchil ilgari surilayotgan asosiy g‘oya ijtimoiy ong, davlat institutlari va iqtisodiy tizimni o‘zgartirishni o‘z ichiga olgan keng qamrovli modernizatsiya konsepsiyasidir.

Beqaror xalqaro vaziyat sharoitida, davlatning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini shakllantirish va amalga oshirish qobiliyati barqarorlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda. Bunday yondashuv alohida dolzarblik kasb etayotgani taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, Qozog‘istonning siyosati nafaqat milliy rivojlanish uchun, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham muhim yo‘nalishni belgilab bermoqda.

Akramjon Ne’matov mintaqa davlatlari duch kelayotgan strukturaviy muammolar, jumladan, xomashyoga qaramlik, texnologik qoloqlik, demografik va iqlim muammolarining o‘xshashligiga alohida e’tibor qaratdi. Shu munosabat bilan u modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirish milliy strategiyalarning mintaqaviy darajada uzviy bog‘liqligi ta’minlanganda eng yuqori samara berishini ta’kidladi.

Ekspertning baholashicha, Markaziy Osiyoning salohiyati haqiqatan ham katta. Buning yaqqol misoli sifatida u barqaror o‘sish sur’atlari va yuqori sifat xususiyatlarini namoyish etayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotini keltirdi. Xususan, 2026-yil boshiga kelib yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard AQSH dollaridan oshdi, eksport hajmi esa 33,4 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, Akramjon Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham asosan miqdoriy o‘sish modelidan bilim, texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan sifatli rivojlanish yo‘liga izchil o‘tayotgani muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtayi nazardan, ekspert O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy kun tartibidagi chuqur modernizatsiya yo‘lini izchil amalga oshirishning hal qiluvchi rolini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston rahbariyati boshlab bergan islohotlarning siyosiy irodasi va tizimli xususiyati barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, institutsional o‘zgarishlarni jadallashtirish hamda hayot sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan yangi taraqqiyot modeliga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratishga imkon berdi.

SMTI vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar keng qamrovli va uzoq muddatli bo‘lib, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqaruv sohalarini qamrab oladi hamda bugungi kunda nafaqat mamlakatning ichki rivojlanishiga, balki mintaqaviy jarayonlarning umumiy dinamikasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning modernizatsiya yo‘liga Markaziy Osiyoning barqarorligi va o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashning asosiy omillaridan biri sifatida qaralmoqda.

Akramjon Ne’matov ushbu fikrni ilgari surar ekan, Qozog‘istonning "Adal azamat" konsepsiyasi va O‘zbekistonning "Inson qadri" strategiyasidagi qadriyatli yondashuvlarning o‘zaro uyg‘unlashish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbuslarni birlashtirish jamiyatda mas’uliyatli fuqarolikning yagona standartini shakllantirishga yordam beradi. Bunday yondashuv doirasida inson taraqqiyotning asosiy manbai sifatida qaraladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning tashabbuslariga tayanib, ekspert mintaqaviy hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Birinchidan, texnologik va innovatsion rivojlanish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Ekspertning fikricha, yuqori qo‘shilgan qiymatli iqtisodiyotga o‘zaro muvofiqlashgan holda o‘tish, yuqori texnologiyali tarmoqlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish, mintaqaning global mehnat taqsimotidagi o‘rnini mustahkamlash uchun shart-sharoit yaratadi.

Ikkinchidan, inson kapitalini tizimli rivojlantirish maqsadida salohiyatlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi. Ekspertning ta’kidlashicha, ta’lim tizimlari va kadrlar tayyorlash mexanizmlarini mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablariga moslashtirish, muhandislik, raqamli va boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish Markaziy Osiyoning uzoq muddatli raqobatbardoshligining asosini tashkil etadi.

Uchinchidan, ekologik barqarorlik va iqlimga moslashish sohasida muvofiqlashtirilgan harakatlarning ahamiyati ortib borayotgani ko‘rsatilgan. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, energiya samaradorligi, "yashil" energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi unumdorligi va barqarorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar iqlim kun tartibini xavf manbasidan o‘sish omiliga aylantirish imkonini beradi.

To‘rtinchidan, transport va logistika siyosatini uyg‘unlashtirishning dolzarbligi alohida ta’kidlandi. Ko‘p tarmoqli transport yo‘laklari tizimini yaratish va infratuzilma loyihalarini muvofiqlashtirish Markaziy Osiyoni Yevroosiyoning yirik transport-logistika markaziga aylantirish uchun sharoit yaratadi.

Beshinchidan, raqamlashtirishni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. Raqamli strategiyalarni muvofiqlashtirish, sun’iy intellekt yechimlari va elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatib, islohotlarni jadallashtiradi va davlat boshqaruvi sifatini oshiradi.

Oltinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlik zaruriyati qayd etildi. ekpertning so’zlariga ko’ra, umumiy madaniy-tarixiy makonni shakllantirish va mintaqaviy o‘ziga xoslikni mustahkamlash bir vaqtning o‘zida barqarorlik omili va uzoq muddatli rivojlanish drayveri hisoblanadi.

Akramjon Ne’matov so‘zining yakunida Qozog‘iston va O‘zbekistonning jadal modernizatsiyalashuvi butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror o‘sishi uchun mustahkam asos yaratayotganini alohida qayd etdi. Ekspert hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu sa’y-harakatlar mintaqaviy darajada tizimli ravishda birlashtirilgan taqdirda, mintaqa uchta asosiy natijaga erishishi mumkin: xalqaro subyektlikni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va tashqi ta’sirlarga chidamlilikni kuchaytirish.

"Modernizatsiya – bu shunchaki siyosiy tanlov emas. Markaziy Osiyo uchun bu yanada samarali mintaqaviy hamkorlik, barqaror rivojlanish va ijtimoiy taraqqiyotning obyektiv yo‘lidir," - deya xulosa qildi SMTI vakili.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish