O‘zbekiston–Indoneziya o‘rtasida umra va ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi
Yanvar 28, 2026. 18:44 • 2 daq
• 14JAKARTA, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. Jakartada O‘zbekiston–Indoneziya ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur xalqaro tadbirda Indoneziya Haj va Umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf, “Asphurindo”, “Kesthuri”, “Bersathu”, “KBB Haji”, “Amphuri”, “Asita”, “Ampuh”, “Amuhi” kabi yetakchi turistik assotsiatsiyalari rahbarlari, turoperatorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida umra va ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi maʼnaviy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratildi.
O‘zbekiston Umra xususiy turistik kompaniyalari uyushmasi hamda Indoneziyaning tegishli turistik assotsiatsiyalari o‘rtasida ziyorat turizmi sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandumlar imzolandi.
Ushbu kelishuvlar “Umra plyus O‘zbekiston” yo‘nalishida qo‘shma turistik mahsulotlar ishlab chiqish, tajriba almashish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarni mustahkamlash uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Umra xususiy turistik kompaniyalari uyushmasi raisi Sherzod Sami ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, “Umra plyus O‘zbekiston” formatidagi qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqish, xizmatlar sifatini uyg‘unlashtirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Uyushma raisi O‘zbekistonda ziyoratchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma, mehmonxona tarmoqlari va logistika imkoniyatlari indoneziyalik sayyohlarni jalb etishda muhim omil ekanini taʼkidlab, uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini aytdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus taqdimot namoyish etildi. Unda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarixiy-meʼmoriy meros obyektlari, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi yirik ziyorat markazlarining imkoniyatlari, zamonaviy mehmonxona majmualari, transport logistikasi, aviaqatnovlar tarmog‘i hamda xorijiy ziyoratchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar yoritildi.
Shuningdek, Haj va Umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf, “Asphurindo” raisi Muhammad Iqbol Muhajjir, “KBB Haji” raisi Asrul Azis Taba, “Asita” raisi Nunung Rusmiati O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida umra va ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




