“Al Diplomasy”: “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi Toshkentning mintaqaviy sanoat markazi sifatidagi maqomini namoyish etadi

Sentabr 15, 2026. 12:00 • 2 daq

43
“Al Diplomasy”: “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi Toshkentning mintaqaviy sanoat markazi sifatidagi maqomini namoyish etadi

QOHIRA, 15-sentabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al Diplomasy” elektron nashrida jurnalist Ashraf Abo Arafening “Plastex Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, yaqinlashib kelayotgan “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi Toshkentning Markaziy Osiyo plastmassa, qadoqlash va kimyo sanoati tarmoqlari uchun strategik markaz sifatidagi maqomi izchil oshib borayotganini yaqqol namoyish etadi. Ushbu tadbir global innovatsiyalarni mahalliy bozor ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirgan holda, O‘zbekistonning sanoatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli saʼy-harakatlarini aks ettiradi.

Muallif tomonidan O‘zbekiston sanoat salohiyatining rivojlanishiga xizmat qiluvchi bir qator asosiy omillar tahlil qilingan. Xususan, ko‘rgazmada dunyoning 11 davlatidan 250 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, Germaniya, Italiya, Avstriya kabi Yevropaning yuqori texnologik uskunalar yetkazib beruvchilari hamda Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va Rossiya kabi mintaqaviy savdo markazlari qatnashmoqda. Bu holat O‘zbekistonning yuqori qiymatli to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xomashyo oqimlarini jalb etish borasidagi yuqori salohiyatini ko‘rsatadi.

Shuningdek, maqolada texnologiyalarni yangilash va avtomatlashtirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etilgan. “Koenig & Bauer Kammann”, “Definitive Innovation”, “PLAS MEC S.R.L., TERMOKAR MAKİNA” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalarning ishtiroki hamda “NOVOPLAST TPE” kabi mahalliy korxonalarning faolligi sanoatda aniqlik va samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Nashrda qayd etilishicha, tadbirning “4P Central Asia” ko‘rgazmasi bilan bir vaqtda o‘tkazilishi bosmaxona, qadoqlash, plastmassa va polimerlar sohalarini qamrab oluvchi yagona qiymat zanjirini yaratib, mintaqaviy xaridorlar uchun qulay sharoitlar beradi.

“Ushbu ko‘rgazma Markaziy Osiyoda mahalliylashtirishga intilayotgan xorijiy kompaniyalar uchun ko‘prik vazifasini bajaradi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulot sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy uskunalarni xarid qilish imkonini beradi”, — deb xulosa qilinadi Misr nashrida.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish