Belgiyada Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi nishonlandi
Fevral 09, 2026. 15:43 • 2 daq
• 126
BRYUSSEL, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari Belgiya poytaxtida buyuk bobokalonimiz, millatimizning faxru iftixori bo‘lgan alloma, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning 585 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri..
Mazkur tadbirda diplomatik korpus, Benilyuks mamlakatlari akademik va adabiy doiralari, mahalliy OAV vakillari hamda ushbu mamlakatlarda yashovchi vatandoshlarimiz qatnashdi.
Tadbir doirasida mehmonlarga Alisher Navoiyning Markaziy Osiyo va turkiy davlatlar hamda Yevropa mamlakatlari o‘rtasida madaniy, millatlararo aloqalarni mustahkamlashdagi roli, jahon adabiyotiga qo‘shgan buyuk hissasi haqida alohida so‘z yuritildi.
“Travel tomorrow” nashri bosh muharriri Antonio Buskardini hamda turkiy tillar, turkiy mamlakatlar adabiyoti va madaniyati bo‘yicha belgiyalik ekspert Pyer Basten o‘zbek xalqini Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi bilan tabriklab, Navoiy asarlaridagi g‘oyalar va insoniyatga kerak bo‘lgan hayotiy saboqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Alisher Navoiy nafaqat buyuk adabiy shaxs, balki O‘zbekiston tarixi, madaniyati va turizmi uchun madaniy ko‘prikdir. Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘, Toshkent metrosidagi bekat va teatr kabi joylar orqali uning merosi madaniyat va sayyohlik obyektlarida aks etgan. Alisher Navoiy O‘zbekiston madaniyati, tili va turizmining o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lab turuvchi eng qudratli ramzlardan biri bo‘lib qolmoqda”, deya fikr bildirgan Antonio Buskardini.
“Eureflect” nashri vakili, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis Derya Soysal Alisher Navoiy merosining jahon madaniyati va adabiyoti kontekstidagi beqiyos ahamiyati haqida gapirib, qator tarixiy maʼlumotlar va faktlarni keltirib o‘tdi. Alisher Navoiyning buyuk mutafakkir, faylasuf, shoir va davlat arbobi sifatidagi o‘rni, dunyo adabiyoti va madaniyatiga ko‘rsatgan chuqur taʼsiriga alohida eʼtibor qaratdi.
Diplomatlarimiz O‘zbekiston hukumati tomonidan Alisher Navoiy ijodiy merosini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi. Navoiyning ijodidan namunalar o‘qib eshittirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
